14:18 / 20.08.2019
115048

Nyu-York politsiyasida ishlovchi o‘zbekistonlik qiz mayda o‘g‘rilikda gumonlanmoqda. Uning o‘zi buni rad etdi

Sadoqat Maqsudova

Nyu-York politsiyasining o‘zbekistonlik xodimi Sadoqat Maqsudova do‘konda o‘g‘rilik qilganlikda ayblanmoqda.

New York Post xabariga ko‘ra, 24 yoshli politsiyachi 15 avgust kuni «Staten Island Mall» savdo markazidagi univermagdan to‘rtta qimmatbaho kiyim-kechak buyumlarini olib, pulini to‘lamasdan chiqib ketayotganida qo‘lga tushgan.

«To‘lovni amalga oshirmay do‘kondan chiqib ketishga uringanida nazoratchi uni to‘xtatgan. Uning sumkasidan 300 dollardan ko‘proq qiymatga ega kiyim-kechak buyumlari topilgan», – deyiladi xabarda.

NDaily News`ning politsiyadagi manbasi bu yerda gap taxminan 330 dollarlik buyumlar haqida borayotganini aytgan.

BBC`ning shahar politsiyasiga asoslanib yozishicha, gumonlanuvchiga nisbatan mayda o‘g‘rilik ayblovi ilgari surilgan va u vaqtincha ishidan chetlatilgan.

Maqsudovaning o‘zi o‘g‘rilik ustida ushlangani haqidagi xabarni «yolg‘on» deb atadi.

«Men bunga izoh berolmayman. Bu – Nyu-York politsiya departamenti ichidagi narsa. Biz buni hali «sudit qilamiz». Lekin men ishdan haydalganim yo‘q, ishlayapman», – dedi u.

Shaharning Staten-Aylend tumani hayotini yoritib boruvchi SiLive nashriga ko‘ra, mazkur masala 16 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Richmond okrugi sudida ko‘rib chiqiladi.

Ma'lumot uchun, asli buxorolik bo‘lgan Sadoqat Maqsudova oilasi bilan Nyu-Yorkka 2009 yilda ko‘chib kelgan. U bir yarim yillik kadetlik kursini o‘tab, 2018 yil yozida Nyu-York politsiya akademiyasiga kirgan va olti oylik kursni bitirib, politsiya xizmatiga ishga qabul qilingan.

Mavzuga oid
Top