20:42 / 20.08.2019
12193

Samarqandda yoshlar uyi narxi 3,65 mln so‘mdan 3,25 mln so‘mgacha arzonlashtirildi, sifatsiz joylar ta'mirlandi - Munosabat

Samarqandlik bir guruh iqtidorli yoshlar tahririyatga murojaat qilgach, «Yoshlar uyi» narxi nega qimmat bo‘lib ketdi — Uy egalari boshqalar uchun ham to‘laydimi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat kengashi mazkur maqola e'lon qilingach, bugungacha o‘z yechimini topgan muammolar yuzasidan Kun.uz’ga ma'lumot berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 18 noyabrda yosh oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida o‘tkazilgan 295-son majlis qarori bilan tasdiqlangan 2016 yilda hududlarda yosh oilalar uchun ko‘p qavatli «Yoshlar» (sobiq «Kamolot») uylarini qurish Dasturiga muvofiq 2017 yilda Samarqand viloyati, Samarqand shahar, Navoiy shohko‘chasida 32 xonadonli «Yoshlar» uylari qurilishi belgilangan.

Mazkur uy-joylarni qurish uchun «Jayhun» MChJ tanlab olinib, qurilish qiymati 3 629 550 000 (uch milliard olti yuz yigirma to‘qqiz million besh yuz ellik besh ming) so‘m va qurilishni topshirish muddati 285 kun etib belgilandi.

Biroq , mazkur uy-joylar 2019 yilning mart oyida pudrat tashkiloti tomonidan qurilishi yakunlanib, uy-joylarning jami maydoni 1863,23 kv.m hamda uning 1 kv.m uchun bahosi 3 651 413 (uch million olti yuz ellik bir ming to‘rt yuz o‘n uch) so‘m etib belgilangan.

Samarqand shahar, Navoiy shohko‘chasida joylashgan, 32 xonadonli «Yoshlar» uylarini o‘rganish bo‘yicha Samarqand viloyat hokimligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi, viloyat davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi, Markaziy bank bosh boshqarmasi, «Ipoteka bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Qishloqqurilishbank», Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi DUK viloyat filiali va murojaat qilgan fuqarolar ishtirokida ishchi guruh tuzildi.

Ushbu mutasaddi tashkilotlar tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

·       Ushbu uylarning sifatsiz qurilgan joylarini aniqlab qaytadan ta'mirlab berildi.

·       Uy narxlari 1 kv.m uchun bahosi 3 651 413 (uch million olti yuz ellik bir ming to‘rt yuz o‘n uch) so‘mdan 3 251 000 (uch million ikki yuz ellik bir ming) so‘mga tushirildi.

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida Samarqand shahar, Navoiy shohko‘chasida 32 xonadonli «Yoshlar» uylariga tavsiya etilgan 32 nomzodning barchasi shartnoma tuzib uylarini qabul qilib oldilar», —deyiladi O‘zYoI Samarqand viloyat kengashining ma'lumotnomasida.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top