20:57 / 21.08.2019
101440

DTM binosida test topshirgan 39 nafar abituriyent kimlar edi?

Bugun, 21 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Davlat test markazi vakillari ishtirokida jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi. 

Unda ishtirok etgan Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov test jarayonlari yakuniga yetgan kundan to‘rt kun o‘tib, ya'ni 19 avgust kuni DTM binosida 39 nafar abituriyent nima uchun imtihon topshirganiga izoh berdi.

«Hujjatlar qabul qilish jarayonida operatorlarning aybi tufayli texnik xatolik bilan test sinovlarida ishtirok eta olmagan 50 nafar abituriyent borligi aniqlandi. Davlat komissiyasi ruxsatiga ko‘ra ularga imkoniyat berilib, operatorlar xatolarining oldini olish maqsadida 19 avgust kuni soat 14:00da DTM binosida abituriyentlar uchun ota-onalar videokuzatuvi asosida test sinovlari o‘tkazildi. Unda 50 nafar yoshdan 39 nafari ishtirok etdi. Natijalar o‘sha kuni e'lon qilindi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

 Ma'lum qilinishicha, turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida qatnashmagan 24 ming 930 nafar abituriyentning hujjatini qabul qilishda EKIHning yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida amalga oshirgan to‘lovi abituriyentlarning o‘zlariga qaytarish yoxud qaytarmaslik masalasi hali aniq emas. Bu masala qonunchilik doirasida ko‘rib chiqiladi va natija omma e'tiboriga havola etiladi.

Top