23:13 / 21.08.2019
20225

Putin 2024 yildan keyin nima bilan shug‘ullanishi haqida gapirishga hali ertaligini aytdi

Foto : www.kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yildan keyin nima bilan shug‘ullanishi haqida gapirishga hali ertaligini aytdi. U 2025 yilda o‘zini qanday maqomda ko‘rishi haqida so‘ralgan savolga shunday javob bergan. 

“2024 yilga kelsak, bu haqida gapirishga hali erta. Hozir hali 2019 yil”, deb aytgan Putin. 

Gap shundaki, Putinning prezident sifatidagi joriy vakolatlari 2024 yilda tugaydi. U o‘zining intervyularidan birida o‘z vorisi haqida 2000 yildan beri o‘ylab kelishini aytgan. Putin shu bilan birga uning davomchisi prezident saylovlarida ovoz berish bilan aniqlanishini aytgan. 

Putin 20 iyundagi “jonli muloqot” vaqtida “prezident bo‘lish joniga tegmaganini” aytgandi.

Rossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi rahbari Valeriy Fyodorov Putinning vorisi qanday bo‘lishi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishgan. Uning ta'kidlashicha, bu odam 40-50 yoshlar atrofida, zamonaviy va serg‘ayrat, mas'uliyatli, davlat boshqaruvi tajribasiga ega odam bo‘lishi lozim. U Putinning vorisi, shuningdek, kuchli fe'l-atvorga ega va vatanparvar bo‘lishi kerakligini, mamlakatni “yangi katta to‘lqin”dan saqlash uchun milliy manfaatlarni himoyalashni bilishi lozimligini aytgan. Fyodorovning ta'kidlashicha, Putin o‘ziga davomchi izlamoqda, biroq bu odam ismi yaqin orada ma'lum bo‘lmaydi.

Bu orada “Levada-sentr” o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, 38 foiz rossiyaliklar Putinni joriy muddati yakunlangandan keyin prezident sifatida ko‘rishni istamaydi. Bir yil ichida bunday o‘ylovchi odamlar soni 11 foizga ko‘paygan. Putinning 2024 yildan keyin hokimiyat tepasida qolishini istovchilar esa 54 foizni tashkil qilgan.

Bloomberg axborot agentligi manbalariga ko‘ra, agar Rossiyada parlament islohotlari o‘tkazilsa, Putin 2024 yildan keyin hokimiyatni bosh vazir sifatida o‘zida saqlab qolishi mumkin. 

Rossiya konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident ikki muddatdan ko‘proq prezident lavozimini egallay olmaydi. Shu sababli Putin prezident saylovlarida boshqa ishtirok eta olmaydi.

Top