00:40 / 22.08.2019
72620

Tibbiyot xodimlariga yana tajovuz. Andijonda bemorning o‘g‘li shifokorni yoqib yubormoqchi bo‘ldi

21 avgust kuni Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirildi. Internetda tarqalgan videoda bemorning yaqini shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga o‘t qo‘yib yuborishga uringani haqida aytilgan. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hodisa bo‘yicha Kun.uz’ga ma'lumot berdi.

«21 avgust kuni Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bemor A.I.ning o‘g‘li tomonidan tibbiyot markazining ortopediya va jarohatlar oqibatlari bo‘limi xodimlariga tajovuz amalga oshirildi.

Bemor A.I 2010 yilda «umurtqa pog‘onasi bel qismi osteoxondrozi, 4-5 bel umurtqalararo disk churrasi» tufayli Andijon Davlat tibbiyot instituti klinikasida xirurgik davolangan. 2017 yil «Bel umurtqalari segmenti nostabilligi» holati yuzaga kelgan. «Pastki paraparez asorati» tashxisi bilan Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida qayta operatsiya amalga oshirilgan. Operatsiya jarayonida churrani bartaraf qilish va umurtqa pog‘onasi bel qismiga transpedikulyar moslamani o‘rnatish amaliyoti bajarilgan. Shundan so‘ng ushbu bemor Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ortopediya va jarohatlar oqibatlari bo‘limi xodimi Bobur Shavkatov tomonidan konsultatsiya qilib turilgan. 2019 yilning iyul oyida bemor B.Shavkatov tomonidan qayta ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bemorga statsionar davolanish tavsiya etilgan. Lekin bemor va qarindoshlari Toshkent shahridagi tibbiyot markazlaridan biriga konsultatsiyaga borib kelishga istak bildirishgan.

2019 yilning 19 avgust kuni bemor A.I.ning o‘g‘li F. markazga kelib, Bobur Shavkatovga uchrashgan. U onasini Toshkentdagi «AKFA Med line» xususiy klinikasi mutaxassislari ko‘rigiga olib borganini, u yerda Fuzuliddin ismli shifokor tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganini aytgan. Bemor o‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, «Fuzuliddin ismli shifokor go‘yoki avvalgi operatsiyalar noto‘g‘ri qilinganini, xozirda qayta operatsiya qilish lozimligini, ushbu operatsiyalarni respublikamiz mutaxassislari amalga oshira olmasligi, shuning uchun Germaniya Federativ Respublikasidan mutaxassis chaqirgan holda operatsiya qilish kerakligini uqtirgan».

F.ning so‘zlariga qaraganda, bemor bilan Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markaziga ko‘rikka borishgan. U yerda bemor mutaxassislar tomonidan ko‘rilib, xozirgi bezovta qilayotgan holatga sabab bel qismidagi operatsiyalar emas, balki umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismidagi sariq bog‘lamning gipertrofiyalangan qismi orqali orqa miya ezilishi natijasida ro‘y berayotgani sabab qilib keltirilgan. Ular tomonidan umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismida operatsiya qilish lozimligi aytilgan. 

Ushbu suhbat davomida Bobur Shavkatov haqiqatdan ham bemor davolanishi lozimligini tushuntirgan. Bemorning o‘g‘li bunga rozi bo‘lib, davolanish uchun kelishlarini aytib ketgan.

2019 yilning 21 avgust kuni bemor imtiyozli yo‘llanma bilan o‘g‘li hamrohligida markazga kelib, Bobur Shavkatovga uchrashishgan. Shavkatovning neyroxirgiya bo‘limiga imtiyozli yo‘llanma asosida yotqizilgan. Bu haqida bemorning o‘g‘li Shavkatovga aytgan. Shavkatov qabulxona orqali neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilishini tushuntirgan va operatsiyaga kirib ketgan. Bemor neyroxirurgiya bo‘limiga joylashgach, neyroxirurgiya bo‘limi shifokori Otalikov Abduraim bemor va uning o‘g‘li bilan suhbatlashgan. Suhbat davomida bemorga hozirda medikamentoz va fizioterapevtik muolajalar o‘tkazilishini, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya markaziga esa 2019 yilning 4-choragida imtiyozli yo‘llanma asosida yuborilishini tushuntirgan.

Shundan so‘ng Bobur Shavkatov operatsiyani tugallab chiqayotganda F. u bilan suhbatlashmoqchi ekanini aytgan. Bobur Shavkatov uni o‘z xonasiga taklif qilib, olib kirgan. Shunda F. Bobur Shavkatovga rentgenogrammani qayta ko‘rib berishini iltimos qilgan.

Bobur Shavkatov rentgenogrammani yorug‘ga qarab ko‘rayotgan vaqtda F. Bobur shifokorning orqasidan kelib, bo‘ynidan bo‘g‘a boshlagan. Bobur Shavkatov qarshilik qilib, uning qo‘lidan ozod bo‘lishga xarakat qilgan, ammo Fayzullo yanada qattiq bo‘g‘a boshlagan. Shunda Bobur Shavkatov hushini yo‘qotgan. Shifokor hushiga kelgan vaqtda qo‘llari orqaga qilib bog‘langan holda yerda, stol ostida yotgan bo‘lgan. Bobur Shavkatov uni o‘tirg‘izib qo‘yishni so‘ragan. F. uni o‘tirg‘izib qo‘yib, unga «hozir «AKFA Med line»ga telefon qilib, kerakli mutaxassisni chaqirtirib, onamni shu yerda operatsiya qildirib berasan» deb talab qo‘ygan. Bobur Shavkatov, «Qo‘limni yechib yuboring, telefon qilaman» deya iltimos qilgan. F. esa sumkasidan benzin to‘la idish olib, Bobur Shavkatovning ustiga sepgan. Shifokor baqira boshlagan. Buni eshitgan koridordagi bemorlar va tibbiyot xodimlari xonaga kirmoqchi bo‘lishgan. Ammo xona eshigi ichkaridan qulflangan bo‘lgan. Shunda xodimlar eshikni sindirishgan. F. esa eshik ortidagi xodimlarga ham benzin sepa boshlagan. Natijada bir hamshiraning (Erkinova Madina) ko‘ziga benzin sochilishi natijasida ko‘zi jarohatlangan. Eshik buzib kirilganda F.ning qo‘lida yondirgich bo‘lgan.

Xodimlar yondirgichni olib qo‘yish niyatida uning qo‘liga yopishgan vaqtda yana bir xodimni (Abuduvohid Mo‘'minov) urib tan jarohati yetkazgan. Xodimlar o‘t o‘chirish uskunasi moslamasini ishlatib, F. va B.Shavkatovning ustiga suv sepishgan. Shundan foydalanib, F.ni ko‘pchilik bo‘lib, xonadan olib chiqishgan. Uning qo‘l va oyoqlaridan ushlab, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari chaqirilgan va ularga topshirilgan.

Bobur Shavkatov, Abduvohid Mo‘'minov, Madina Erkinova va Izzatoy  Mamajonova shifoxonaga yotqizildi. Ularga infuzion, detoksikatsion, degidratatsion va simptomatik terapiya o‘tkazildi. Hozirda barcha xodimlarning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli», deyiladi ma'lumotnomada.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni vaqtda vazirlikning maxsus guruhi Andijondagi voqea oqibatida jabrlangan tibbiyot xodimlarining huquqlarini ta'minlash va ularga ma'naviy yordam ko‘rsatish uchun mazkur viloyatga safarbar etilgan.

Top