12:30 / 23.08.2019
9578

«Ilgari faqat qog‘ozlarda aks etgan quruq raqamlardan farqli o‘laroq, YaIM hajmining o‘sishi amalda 5,8 foizga yetdi» - Senat raisi

Bugun, 23 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlisda nutq so‘zlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva rivojlanishdagi ko‘rsatkichlar statistikasini ma'lum qildi.

«Ilgari faqat qog‘ozlarda aks etgan quruq raqamlardan farqli ravishda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘sishi 2019 yilda amalda 5,8 foizga yetdi. Bu islohotlarning real samarasini ko‘rasatadi», — deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Raisning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aksariyat ijobiy ko‘rsatkichlar asosan agrar sohadagi ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lib kelgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida sanoat o‘sishi qaryib 7 foizni tashkil etgan.

«Neft-gaz, kimyo va energetika sohalarida 2019 yilda qariyb 4,5 mlrd. AQSh dollariga teng 60dan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi. Umumiy hisobda 86 trillion so‘mlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. «Obod qishloq» dasturi doirasida 160ta tumandagi 480ga yaqin qishloqda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 110dan ziyod ko‘p qavatli uylarni bitkazish rejalashtirilgan. Uzoq yillar davomida faqat paxta eksporti bilan kifoyalangan mamlakatimizda 180dan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 80ta mamlakatga eksport qilinmoqda», — deya keltiriladi Senat Raisi bayonotida.

Norboyevaning aytishicha, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida joriy yilning o‘zida 100 milliard so‘m ajratilgan. Xotin-qizlar bandligini ta'minlash maqsadida 1800taga yaqin loyiha amalga oshirilib, qariyb 2300ta ish o‘rni yaratilgan.

Top