13:13 / 24.08.2019
49913

Shavkat Mirziyoyev: «Sirti yaltiroq, ichi qaltiroq kollejlarimizga mahliyo bo‘lib, shuncha vaqtni bekorga boy berdik» 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni ta'lim tizimiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari yig‘ilishda kollejlar haqida ham gapirgan. 

«Katta kuch va mablag‘ hisobidan barpo etilgan, lekin hayotda o‘zini oqlamagan kollej tizimiga zo‘r berib, maktabni butunlay esimizdan chiqarib qo‘ydik. Holbuki, ta'lim va tarbiyaning asosi, poydevori - bu maktab emasmi? Maktabni maktab qiladigan kim? O‘qituvchi emasmi? 

Dunyodagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda barcha islohotlar maktabgacha ta'lim tizimidan, ya'ni bog‘chadan, maktabdan, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. 

O‘tgan asr boshida jadid bobolarimiz shuning uchun ham maktab masalasini eng birinchi o‘ringa qo‘ygan edilar. Buyuk ma'rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir», degan so‘zlarida qanday chuqur ma'no bor.

Biz esa sirti yaltiroq, ichi qaltiroq kollejlarimizga mahliyo bo‘lib, shuncha vaqtni bekorga boy berdik. Yaqin o‘tmishda ham otalarimiz, akalarimiz, opa-singillarimiz juda hashamatli maktablarda o‘qimagan. Lekin ularning bilimi, malakasi, g‘ururi yuqori bo‘lgan, el-yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan.

Afsuski, bugungi kunda bolaning qalbida ma'naviyat va ma'rifat cho‘g‘ini uyg‘otadigan haqiqiy maktablar va o‘qituvchilar nihoyatda kam», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top