16:40 / 25.08.2019
39176

Nohaqlik qurboni bo‘lgan soliq xodimi sudda oqlandi. Uning faoliyatini davom ettirish istagiga DSQ nima deydi?

Buxorolik Murodilla Qulliyev uzoq yillar soliq tizimida faoliyat olib borgan. Xususan, davlat soliq qo‘mitasining bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Buxoro viloyat bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Albatta, hayot yo‘li bir tekis emas. O‘ziga yarasha past-u balandi, sinovlari bor. Bu Murodilla Qulliyevni ham chetlab o‘tmadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2013 yil 20 noyabrdagi hukmi bilan u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 3-qismi «v» bandi va 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aybli deb topilib, uch yil mansabdorlik, moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Qarori 7-bandining «a» kichik bandi tatbiq etilib, o‘talmay qolgan jazo muddati uchdan bir qismiga qisqartirilgan.

Xo‘sh, Murodilla Qulliyev Jinoyat kodeksining ushbu moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni haqiqatan ham sodir qilganmi, aslida nima bo‘lgan?

Bu savollarga oradan yillar o‘tib javob topildi. Murodilla Qulliyev nohaq jinoiy javobgarlikka tortilgani ma'lum bo‘ldi.

2019 yilning 27 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rilgan ishda M.Qulliyev to‘liq oqlandi. Ish hujjatlari va kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni batafsil o‘rganib chiqqan sud uni reabilitatsiya qilishni lozim, deb topdi.

Xususan, jinoyat ishida to‘plangan dalillar tahlil qilinganida hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatiga to‘g‘ri kelmasligi, yig‘ilgan dalillar ishonchsizligiga alohida e'tibor qaratilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2013 yil 20 noyabrdagi Qulliyev Murodillo Muxtorovichni JKning qator moddalari bilan aybli deb topish haqidagi hukmini bekor qilish bo‘yicha ajrim chiqargan.

Sud ajrimidagi tafsilotlar bilan tanishar ekanmiz, soliq tizimida uzoq yil mehnat qilgan bu insonga ko‘plab nohaqliklar, tuhmatlar qilinganiga, aybni zo‘rlik bilan yuklash holatlari ro‘y berganiga guvohi bo‘ldik.

Ushbu holat bo‘yicha jabrlanuvchi bilan ham suhbatlashdik.

«Avvalo adolat qaror topib, haqiqat yuzaga chiqqanidan xursandman. To‘g‘risi, ko‘p nohaqliklar, tuhmatlar bo‘ldi. Isbotsiz ayblarni yuklashdi o‘sha vaqtda. O‘zimdan o‘tgani o‘zimga ayon, jinoyat qilmay jinoyatchiga aylandim. Bu kunlarga erishish ham oson bo‘lgani yo‘q. Adolat qaror topishi uchun ikki-uch yil harakat qildik. Nihoyat, aslida hammasi tuhmat bo‘lgani isbotlandi. Albatta, o‘tgan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi, ammo menga ishonch bildirilsa, hali ham soliq tizimida ishlashga tayyorman», — deydi Murodillo Qulliyev.

Muhimi, bir insonga qilingan nohaqlik o‘z isbotini topib, haqiqat yuzaga chiqdi. Aybsiz bo‘lib ishidan ayrilgan, bugungi kunda oqlanib, yana soliq tizimida ishlashni niyat qilgan tajribali sobiq xodimining istagiga Soliq qo‘mitasi nima der ekan?..

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Top