18:16 / 26.08.2019
23061

Amazonka o‘rmonlari yonmoqda. Braziliya prezidenti notijorat tashkilotlarini o‘t qo‘yishda, Yevropani esa mustamlakachilikda aybladi

Foto: Victor Moriyama / Greenpeace Brazil / EPA / Scanpix / LETA

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru mamlakat armiyasiga Amazonka o‘rmonlaridagi yong‘inlarni o‘chirishda qatnashishni buyurdi.

«Armiyada xizmat qilgan vaqtimda Amazonka o‘rmonlarini sevishni o‘rganganman va ularni himoya qilishga yordam bermoqchiman», — dedi Bolsonaru televideniye orqali murojaatida. Bir oy muddat davom etadigan operatsiyaga 44 ming harbiyni jalb etish rejalashtirilgan. Zarurat tug‘ilsa, operatsiya uzoqroq davom etishi mumkin. Amazonka o‘rmonlarining 60 foizdan ortig‘i Braziliyada, 13 foizi Peru, 10 foizi Kolumbiya, qolgan qismi esa Janubiy Amerikaning qo‘shni davlatlarida joylashgan.

Foto: dpa / Christian Niel Berlinck

Amazoniya tropik o‘rmonlarini OAV ko‘pincha «sayyoraning o‘pkasi» deb atashadi, chunki ta'kidlanishicha, ular fotosintez jarayonida sayyoradagi kislorodning 20 foizga yaqinini ishlab chiqaradi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassis Jonatan Foli haqiqatda bu raqam 5 foizni tashkil etishini aytadi. Ammo Folining so‘zlariga qaraganda, Yer yuzidagi bioxilma-xillikning yarmiga yaqini tropik o‘rmonlarda, katta qismi esa aynan Amazoniyada joylashgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘rmonlar atmosferadagi is gazining 25 foizgachasini yutadi.

Ekologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan beri yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 82 foizga oshgan. Gap butun Braziliya hududidagi 79,5 mingta va Amazonka o‘rmonlaridagi 40 mingga yaqin yong‘in haqida ketmoqda.

O‘rmon yong‘inlari tabiiy ravishda yuz beradigan boshqa ekotizimlardan farqli o‘laroq, Amazonka o‘rmonlaridagi yong‘inlarning sababi faqatgina odamlar bo‘lishi mumkinligiga olimlarning ishonchi komil. Bu yerda gap xo‘jalik maqsadlarida o‘rmonlarga o‘t qo‘yilishi va uning boshqarib bo‘lmas yong‘inga aylanib ketishi haqida bormoqda. 

The New York Times gazetasining yozishicha, Braziliya hukumati ko‘p yillar davomida Amazonka o‘rmonlarini himoya qilayotgan mamlakat imijiga ega bo‘lgan. Atrof-muhit muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar budjeti oshirilgan, qo‘riqlanuvchi tabiat hududlaridan xo‘jalik maqsadlarida foydalanganlik uchun ko‘psonli jarimalar kiritilgan. Ammo 2014 yildan so‘ng Braziliya uzoq davom etuvchi iqtisodiy inqiroz ostida qoldi va saylovoldi kampaniyasida Bolsonaru iqtisodiyotni jonlantirishga va'da berdi – xususan o‘rmonlar egallagan yerlaran foydalanish hisobiga. 2019 yil yanvardan, u prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga ko‘p hudud o‘rmonlardan tozalandi.

Iyulda Braziliyaning kosmik tadqiqotlar milliy instituti sun'iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarga asoslanib yong‘inlar maydoni 88 foizga kengayganini ma'lum qildi. Shundan so‘ng Bolsonaru «Braziliyaga qarshi kampaniya» uchun axborotdan foydalanganlikda ayblab institut direktorini bo‘shatib yubordi.

O‘tgan haftada Braziliya prezidenti yong‘inlarda uning sa'y-harakatlari tufayli ishsiz qolgan va endi uni ag‘darishga urinayotgan notijorat tashkilotlari aybdor bo‘lishlari mumkinligini ma'lum qildi. Shu bilan birga Bolsonaru qo‘lida isboti yo‘qligini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, Aljazeera Braziliyaning Folha do Progresso nashriga tayanib xabar qilishicha, Para shtatidagi fermerlar 10 avgustda «olov kuni»ni uyushtirishganidan so‘ng yong‘in maydonlari keskin kengaygan. Aytilishicha, ularning maqsadi Bolsonaruga «ishga tayyor» ekanliklarini ko‘rsatish bo‘lgan.

Foto: dpa

O‘tgan haftada Braziliyadagi yong‘inlar xalqaro mojaroga sabab bo‘ldi. 22 avgust kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «bizning umumiy uyimiz yonyapti» dedi va «Katta yettilik» a'zolarini mazkur vaziyatni muhokama qilishga chaqirdi. Bolsonaru bunga javoban Fransiya prezidentini «mustamlakachilarcha fikrlashda» aybladi. Bolsonaru yong‘inlarni bartaraf qilish uchun mamlakatida yetarli resurs yo‘qligini bildirdi hamda «Braziliyaga pul ajratayotgan davlatlar buni saxovat yuzasidan emas, balki uning ishlariga aralashish uchun qilishayotganini» aytdi.

Bolsonaru o‘rmonlarning yo‘qotilishiga qarshi keskin choralarga qaytadimi-yo‘qmi, noma'lum. Bu uning saylovoldi va'dalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, bu Braziliyaning tezda daromad olishdan mahrum qiladi. Hozirgi o‘rmon yong‘inlari Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo urushining bilvosita oqibatidir. Xitoy Amerikadan soya olishni to‘xtatdi va braziliyalik yetkazib beruvchilarga yuzlandi. Xitoyning talabini qondirish uchun ishlab chiqaruvchilarga yangi plantatsiyalar kerak. Hozirda ilgari savanna o‘rmonlari bo‘lgan yerlar plantatsiyaga aylantirilmoqda, ammo yaqin kelajakda fermerlar tropik hududlardan ham foydalanishni boshlab yuborishlari mumkin. U holda o‘rmonlarni tiklashning imkoni qolmaydi.

Top