13:31 / 26.08.2019
6583

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining huquqlari kengaytirildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PF—5742-son “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan o‘rmon fondi yerlarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga berishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 2020 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi huquqlar berildi:

a) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan loyiha asosida:

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan himoya o‘rmonlari barpo etish, ularni kamida bir yil davomida parvarish qilish va infrastruktura obektlarini qurish;

barpo etilgan o‘rmonlar ostidagi o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olish huquqini yuridik va jismoniy shaxslarga narxni oshirib borish shaklida o‘tkaziladigan kim oshdi savdolari asosida sotish, bunda boshlang‘ich to‘lov miqdorini Jamg‘armadan sarflangan xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash;

o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olish huquqini sotish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplash;

b) o‘rmon fondi yerlarini investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berish;

v) o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni to‘liq Jamg‘arma daromadiga o‘tkazish.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

O‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihalarini kiritadi.

Belgilanishicha, yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga va rekonstruksiya qilishga (o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, limonariy va issiqxonalar ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish bilan bog‘liq) ruxsat berishda davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar o‘rmondan foydalanuvchi yoki ijaraga oluvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘rmon fondi yerlarida sodir etilgan, o‘rmonlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish talablarini buzishga doir huquqbuzarliklar yuzasidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalarni tuzish hamda ularga asosan ma'muriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini (sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan ishlar bundan mustasno) o‘rmon xo‘jaligi organlari mansabdor shaxslariga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 88-moddasiga muvofiq o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha tushadigan mablag‘lar alohida hisobga olib borilishi hamda ulardan o‘rmonlar va o‘rmon mevali daraxtzorlarini barpo etish va tiklash, qumli yerlar, suv havzalari hamda daryolarning qirg‘oqbo‘yi mintaqalarida daraxtzorlar barpo etish, shuningdek, o‘rmon yerlari holatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash tartibida tushadigan mablag‘lar hamda o‘rmon fondi yerlarida o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish uchun beriladigan kvotalardan tegishli tashkilotlar ixtiyorida qoldiriladigan tushumlar Jamg‘arma daromadiga o‘tkaziladi.

Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Respublikasida 2020-2024 yillarda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish dasturi:

2020-2024 yillarda daraxt va butalarning urug‘larini tayyorlashning prognoz ko‘rsatkichlari;

2020-2024 yillarda daraxt va butalarning nihol hamda ko‘chatlarini yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;

2020-2024 yillarda tut daraxti ko‘chatlari yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;

2020-2024 yillarda o‘rmon fondi yerlarida hududlar bo‘yicha o‘rmon barpo etish prognoz ko‘rsatkichlari;

2020-2024 yillarda chorvachilik, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirishning prognoz parametrlari;

2020-2024 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning prognoz parametrlari;

2020-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat o‘rmon xo‘jaliklari bo‘yicha dorivor o‘simliklar yetishtirish va tayyorlash prognoz ko‘rsatkichlari;

2020-2024 yillarda melioratsiya obektlari atrofida hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota daraxtzorlari barpo etish prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Mavzuga oid
Top