20:30 / 27.08.2019
3985

Instagram yaqin do‘stlar bilan muloqot uchun alohida messenjer tayyorlamoqda

U orqali statusni bo‘lishish va xabarlar yuborish mumkin.

Instagram yaqin do‘stlar bilan muloqotga mo‘ljallangan Threads nomli yangi messenjer ustida ish olib boryapti. U orqali statuslarni tezkor bo‘lishish, yozuvli xabarlar, foto va videolarni yuborish imkoni mavjud.

Hozircha ilova faqat kompaniya ishchilari orasida sinalmoqda. Agar skrinshotlarga ishonadigan bo‘lsak, foydalanuvchi avtomatik yangilanishni ishga tushirishi mumkin va shundan so‘ng Threads joylashuv, harakatlanish tezligi va batareya quvvatiga qarab mustaqil ravishda status tanlashni boshlaydi. Statusni qo‘lda tanlash ham mumkin. U yaqin do‘stlar ro‘yxatidagi barchaga ko‘rinib turadi.

Lekin birinchi navbatda Instagram — messenjer. Ilovaning katta qismi Instagram'ning xabarlar bo‘limidek ko‘rinadi. Do‘stlardan keluvchi xabarlar ekranning markazida paydo bo‘ladi, onlayn foydalanuvchilar esa yashil nuqtalar bilan belgilanadi. Shuningdek Threads'da do‘stlarning story'larini kuzatish mumkin.

Instagram'da avval ham messenjer bor edi: u Direct deb nomlangan va 2019 yilning mayidan boshlab o‘z mavjudligini yo‘qotgan. Katta ehtimol bilan Threads'ga jiddiyroq qaralmoqda: Facebook'ning bosh direktori Mark Tsukerbergning fikriga ko‘ra, kompaniyaning kelajagi aynan messenjerlar bilan bog‘liq.

Ilovaning taqdim qilinish sanasi hali noma'lum.

Mavzuga oid
Top