23:33 / 27.08.2019
15735

Qozog‘istonda Abu Nasr Forobiyning 1150 yillik yubileyi keng nishonlanishi rejalashtirilmoqda 

Qozog‘iston prezidenti Sharq faylasufi, qomusiy olim, matematik Abu Nasr Forobiy tavalludining 1150 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi tashkil etilishi haqidagi farmonni imzoladi. 

Ta'kidlanishicha, komissiya 2020 yilda Forobiyning yubiley tavalludini yuqori darajada va sermazmun o‘tkazish uchun tashkil etilmoqda.

Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug‘ Tarxon Forobiy 870 yilda tavallud topgan. O‘rta asrning bir qancha ilmiy yutuqlari, umuman Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida taraqqiyparvar ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji uning nomi bilan bog‘liq. Forobiy o‘z zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilgan va bu ilmlar rivojiga katta hissa qo‘shganligi, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitgani tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulug‘lanib, “Al-muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim” (Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” deb yuritilgan. 

Forobiy Aris va Sirdaryo daryolari qo‘shiladigan Forob yaqinida (hozirda Qozog‘iston hududi) dunyoga kelgan. 

Forobiy boshlang‘ich ma'lumotni ona yurtida oldi. So‘ng Toshkent (Shosh), Buxoro, Samarqandda o‘qidi. Keyinroq o‘z ma'lumotini oshirish uchun arab xalifaligining madaniy markazi bo‘lgan Bag‘dodga keladi. Bag‘dodda bu davrda musulmon dunyosining turli o‘lkalaridan, xususan, Markaziy Osiyodan kelgan ko‘p ilm ahllari to‘planishgan edi. U yerga bora turib Forobiy Eron shaharlari Isfahon, Hamadon, Ray va boshqa joylarda bo‘ladi.

Ayrim ma'lumotlarga qaraganda, u 70 dan ortiq tilni bilgan.

Forobiy 949–950 yillarda Misrda, so‘ng Damashqda yashab, o‘sha yerda vafot etgan va “Bob as-sag‘ir” qabristoniga dafn qilingan.

Top