12:52 / 29.08.2019
0
29558

Bo‘sh ish joylarini yashirganlik uchun javobgarlik keskin kuchaytirildi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

quyidagi mazmundagi 49-4-modda bilan to‘ldirildi:

«49-4-modda. Xorijiy ishchi kuchini O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzish

Xorijiy ishchi kuchini O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzish - fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - o‘n baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa - fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

229-modda quyidagi tahrirda bayon etildi:

«229-modda. Bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish

Bo‘sh ish o‘rinlarini (vakant lavozimlarni) yashirish, bo‘sh ish o‘rinlari (vakant lavozimlar) yoki har bir xodim bo‘shatib olinishi kutilayotganligi to‘g‘risidagi axborotni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga ajratmalarni to‘lashdan bo‘yin tovlash - mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa - mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top