20:16 / 30.08.2019
3
32128

«Ahvolimiz ovoza bo‘lib ketgan». Farg‘onaning O‘zbekiston tumanidagi «namunasiz» uylar haqida

Namunali uylarda yashashni orzu qilgan kishilarning, mas'uliyatsiz quruvchilar tomonidan qo‘l uchida qurib bitkazilgan kottejlarning ahvolini ko‘rib, «Bu uyning nimasi namunali?», deyishayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘lyapmiz. Katta mablag‘ evaziga uy sotib olib norizo bo‘layotgan insonlardan juda ko‘plab arznomalar kelmoqda.

Aholi murojaatlari ortidan Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumaniga borib, «Mingtut» mahallasi Hasanobod ko‘chasidagi namunali uylardagi ayanchli holat ustidan chiqdik.

Mazkur hududda 2014 yili 500dan ziyod kottej qurilib, foydalanishga topshirilgan. Butun boshli daha barpo qilingan. Narxi o‘sha paytda 140 million so‘mni tashkil etgan namunali uylarni odamlar yaxshi niyatlar bilan sotib olishgan.

Hasanobod ko‘chasidagi uylar holati bilan tanishdik.

Har yozda ariq toshishi oqibatida ushbu ko‘chadagi uylarni suv bosib ketar ekan. Hammayoq loy, uylar nuray boshlagan, daraxtlar qurib qolgan. Qisqasi, risoladagidek yashashning iloji yo‘q. 

O‘tgan besh yil mobaynida saqlanib qolayotgan muammolarni hal qilish uchun tumanda aholi murojaat qilmagan idora qolmagan.

No‘'monjon aka Mamajonov masalaga quyidagicha izoh berdi: «Biz mana shu uyni 2014 yili olgan bo‘lsak, o‘shandan beri tashvishlarda hayot kechiramiz. Bu uy biz uchun «namunali» emas, balki «tashvishli uy» bo‘ldi. Ko‘chamizni, uylarimizni har yili yozda besh-olti marta suv bosadi. Sababi, ko‘chadan o‘tgan lotok-ariqdan me'yoridan ortiqcha suv kelishi va toshib chiqishida. Bu lotokdan ikki-uchta bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari o‘z ekinlarini sug‘orishda foydalanishadi. Lekin hech kim aholiga qiyinchilik tug‘dirayotgan muammoni hal qilishga urinmayapti. Qo‘shnilar nomidan tuman hokimligiga bordik, hokim suv xo‘jaligiga, suv xo‘jaligi oqin suvlarni nazorat qiluvchi tashkilotga buyurdi. Ular ishchi guruhi tuzib kelishadi, o‘rganishadi. Lekin ahvol o‘shanday qolib ketaveradi. Dardimizni oxiri sizlarga aytishga qaror qildik.

Bog‘bon fermerlar, o‘z daraxtlarini sug‘orish uchun yuqori tarafdan keragidan ortiqcha suv haydab kelishadi. Nahotki, bularni nazorat qiluvchi tashkilot bo‘lmasa? Ko‘chamizda qishda gaz, yozda ichimlik suvi yo‘q. Ichimlik suvini motorda tortib olamiz. Muammolardan to‘yib, uylarni sotib qutulay deymiz-u, hududdagi sharoitni hamma biladi. Ahvolimiz ovoza bo‘lib ketgan. Kim ham olardi?».

Shu yerda yashovchi Nurxon Saidahmedova ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Namunali uy uchun 50 million so‘m boshlang‘ich to‘lov to‘lab, shartnoma bo‘yicha 15 yil oyiga 900 mingdan to‘lab borishimiz kerak edi. To‘lovni shu yil aprel oyida qayta moliyalashtirishib, oyiga 1 mln 80 ming so‘mga ko‘tarishdi. Barcha hujjatlarni to‘g‘rilaganmiz, uylar sug‘urta qilingan, lekin hech kim xabar olmayapti. Tuman hokimligi vakillariga ko‘p bora chiqqanimizdan so‘ng, kelib ko‘rishdi. Fermerlar «qilib beramiz, to‘g‘rilaymiz degan va'dalarni berishdi. Foydasi yo‘q», deydi u.  

Uy egalari uyni nomiga qurgan quruvchilardan, arzini eshitmayotgan mutasaddilardan norozi. Axir falon pulga bitmagan uy olib, yashash uchun sharoit bo‘lmagani uchun o‘z hisobidan boshqatdan ta'mir qilib, sanuzel qurib yana tinimsiz suv bosishi xavfida yashash kimga yoqadi? O‘sha paytda quruvchilar, hatto, yer sathini ham tekislamagan ekan. E'tibor berib qarasangiz, bir uy past, bir uy baland.

Mansurxon Qosimov lotokdan suv toshgan paytlarda uyiga tizzadan tepadagi miqdorda suv kirishini aytdi. 

Uylarni ko‘zdan kechirdik. Suv bilan kirib kelgan loyqa, tomorqa, uy oldilari, yorto‘lalarga o‘tirib qolgan.

«Yaqinda o‘g‘il uylab, to‘y qilaman, deb turibman. Bu ahvolda kelinni qanday olamiz,  boshimiz qotgan», deydi uy egalaridan biri.

«Mingtut» MFY raisi G‘ayratjon Toshpo‘latov fuqarolar bilan birgalikda muammoni hal qilishga urinibdi. Lekin samara bo‘lmabdi. Mahalla oqsoqoli shu kunlarda ham harakat qilayotganini aytdi.

 Muammoning yechimi

Namunali kottejlar egalari uchun masalaning yechimi turlicha. Ariqdan suv oladigan fermerlar uni ta'mirlashlari kerak. Lekin bu ish foyda berishi qiyin.

Agar muammo yechimiga hokimlik va qishloq va suv xo‘jaligi bosh qo‘shib, birga harakat qilinsa beton ariqni boshqa joyga ko‘chirish mumkin. Shunda masala haqiqatda ijobiy hal bo‘ladi.

Namunali uy egalari shuncha tashvish chekib, moddiy zarar ko‘rsa ham vijdonsizlik qilishmagan. Chunki, ariqning bir nuqtasidan ularga teskari tomonini buzib qo‘yish kifoya edi. Suv boricha bog‘ tomonga oqib ketgan bo‘lardi. Biroq, fuqarolar suv inshootiga zarar yetkazishmagan.

O‘ylaymizki, O‘zbekiston tumani mutasaddilari maqoladan tegishli xulosa chiqarishadi.

 Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi, Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top