10:20 / 30.08.2019
0
4215

Obidalar umrini uzaytirib kelgan Samarqand maxsus ilmiy ishlab chiqarish ustaxonasini qayta tiklash - davr talabi

Bashariyatning bir necha ming yillik ko‘hna tarixi dalolat beradiki, juda qadim zamonlardan beri odamlar tevarak-atrofdagi tabiat bilan uzluksiz ravishda muloqotda bo‘lib, unga kimyo vositasida ta'sir etganlar hamda o‘zlari uchun zarur material va mahsulotlarni olganlar.

Bunga misol tariqasida metall eritish, shisha va sopol, gazlamalar uchun bo‘yoq tayyorlash, teri oshlash, non yopish, hayotni uzaytiradigan universal dori (hayot eleksiri) ni topishga, oddiy metallarni qimmatbaho metallarga aylantirish, chidamli qurol-yarog‘ yaratish uchun chidamli va pishiq metallarni topish masalalari bilan qiziqqanliklarini, jumladan, dunyo ahlini o‘ziga mahliyo qilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va yurtimizdagi barcha osori-atiqalari hamda, ularda yashiringan tilsimot yechimlari izlarini keltirish mumkin.

Ajdodlar tomonidan yaratilgan, bizga tilsimligicha yetib kelgan buyuk kashfiyotlarni anglab, ilmiy asosiga yetib, yanada rivoj toptirish, barcha yo‘nalishlardagi ilmlarni so‘nggi chegarasigacha egallash yuzasidan Movarounnahr, Xuroson va Turkiston o‘lkalarida ikkinchi uyg‘onish jarayoni davri uchinchi ming yillik arafasida amalga oshishidan ilhaq va umidvormiz.

2017 yil Navro‘z bayrami arafasida davlat rahbarining topshiriq va tavsiyalari bilan Zokirjon Mashrabov boshchiligidagi bir guruh o‘zbekistonliklar Hirotdagi Alisher Navoiy hazratlari maqbarasi atrofida 2 gektarlik bog‘ barpo etib, «Ikkinchi Moniy» degan faxriy unvon sohibi Kamoliddin Behzod va jiyani Rustamning yonma-yon qabrlariga yodgorlik o‘rnatishgani, afg‘on tuprog‘ida qabrlari qolgan alloma vatandoshlarimizning qadamjolariga hurmat keltirib, maqbaralarini tiklashganlari va bu ishni davom ettirishlari haqidagi videofilmni ko‘rib chin dildan quvonasan.

Kun.uz elektron nashrining «Samarqandcha kaleydoskop siri» sarlavhali fotomaqolasini ko‘rib, o‘qib, Qurbon hayiti arafasida Mirzo Ulug‘bek madrasasi chap yoni orqa qismidagi minoraning koshinlari o‘pirilib tushgani holatiga nazaring tushib achinasan kishi, bir mutaxassis sifatida mehnat faxriysi bo‘lsang-da, yengingni shimarib ishga kirishib ketging keladi.

Mening yoshim 70ni qoralayapti. 17 yoshimda yurtimizdagi tarixiy obidalarga terrakot, koshin, mayolika tayyorlab beruvchi Samarqand ilmiy ishlab chiqarish ustaxonasiga qoliplovchi (formovshchik) bo‘lib ishga kirganman.

37 yillik mehnat faoliyatim davrida usta Azimmurod Xo‘jayevdan tuproq tanlash, loy tayyorlash, qoliplash, quritish, bo‘yoq tayyorlash, koshin tayyorlash pechda pishirish va tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan barcha sir asrorlarni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsat usta Abdunasim G‘ofurov, Tillakori madrasasi fasadini qayta ta'mirlashda 6 xil ranglar ixtiro qilib, yakuniy ta'mirdan chiqargani uchun «Hamza» nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan usta Toshmuqum Qurbanov, usta Melik Qamarovdan terrakot tayyorlash, koshin va mayolikalarga rang tayyorlash, sirlash, koshinlar tayyorlash, mayolikalar tayyorlash sir-asrorlarini yetarlicha egalladim. Qo‘shimcha ranglar topishga ham muvaffaq bo‘ldim. O‘sha davrda 6-razryadli usta maqomiga erishdim. Bu sohaning o‘tgan ustalardan bizgacha yetib kelgan va o‘zimiz kashf qilgan ko‘p sir-asrorlari ichimizda, xotiramizda qirib tashlasa ham o‘chmas bo‘lib muhrlanib qolgan.

Bugunga kelib, minglab ishchi ishlaydigan tarixiy obidalarga terrakot, koshin, mayolika tayyorlab beruvchi Samarqand ilmiy ishlab chiqarish ustaxonasi yopilib, bu sohaning ilmini olgan yosh-u qari ustalar tarqalib ketdi. Yetilib pishgan ustalar baholi-qudrat qo‘llaridan kelgunicha yakka tartibda kun o‘tsinga ishlashyapti.

Bilsangiz, Movarounnahr, Xuroson, Turkiston o‘lkalaridagi obidalar, osoru-atiqalar pishirilgan g‘ishtdan ko‘tarilib, terrakot, koshin va mayolikalar bilan qoplanib, zeb berilgan. Ulardagi koshin va mayolikalarning bir xildagi ranglari ham bir-biridan och yoki to‘qligi va boshqa sifatlari bilan farqlanadi, bu esa bo‘yoq tayyorlovchi ustadan izlanuvchanlikni talab qiladi. Shu bilan birga, bo‘yoqlarning mustahkamligi, koshin va mayolikalarning sifatliligi bo‘yoqlarga qo‘shiladigan o‘zimizning dalalarimizda o‘sadigan qirqbo‘g‘in, baliqko‘zi, ishqor kabi o‘simliklardan olinadigan suv qotishmasi miqdoriga ham juda-juda bog‘liqdir.

Amaliyotda mayolikalarga chizilgan har bir rangdagi naqshlar gardishlari alohida tayyorlangan bo‘yoqlarda o‘tilib, har xil ranglarning bir-biriga qo‘shilib ketmasligi, oqmasligining oldini oladi. Maxsus loydan tayyorlangan terrakot, koshin va mayolikalar 1000 daraja issiqlikda pishiriladi, hatto ular shu darajadagi issiqlik pechlariga ikki-uch martagacha kiritiladi. Bu esa tarixiy obidalar naqshlarining umrini uzaytirish uslublaridandir.

Aytib o‘tilgan ish jarayonlarini yakka tartibda tayyorlash imkonsiz, katta mablag‘ va kerakli miqdordagi pechlarni qurishda davlat ruxsati talab qilinadi. Bugungi kunda yurtimizda tiklanishini, umri uzaytirilishini kutib yotgan tarixiy obidalar o‘ylaganimizdan-da ko‘proq. Ular usta qo‘lidan chiqqan terrakot, koshin yoki mayolikalardan bahramand bo‘lib, qish-qirovli, jazirama kunlardan boshpana topishadi yoki ularning zarbalariga dosh bera olmasdan mukka yiqiladi.

Bunday holatlarning oldini olish uchun davr sinovidan o‘tgan tarixiy obidalarga terrakot, koshin, mayolika tayyorlab beruvchi, ko‘plab ish o‘rinlarini yaratuvchi Samarqand ilmiy ishlab chiqarish ustaxonasini tiklash, shu sohadagi bilim sirlarini egallab, vujudlarida saqlab kelayotgan usta va ustazodalarni ustaxonaga qaytarish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Men ham keksa bir usta sifatida tarixiy obidalarga jon ato etish sir-asrorlarini o‘zim bilan tuproqqa olib ketmoqchi emasman. Agarda o‘quvchiga talab va istak tug‘ilsa, keyingi maqolamizda, kulolchilik va terrakot, koshin, mayolika tayyorlashdagi farqlar, bo‘yoqlar tayyorlash usullari va turli ranglar tayyorlash retseptlari, sirlash usullari hamda maqolani tayyorlashda menga ilhom va qalbimni uyg‘otishga sababchi bo‘lgan kishilar to‘g‘risida suhbatlashish umididaman.

Mehnat faxriysi, 6-razryadli usta Namanjon MAVLONOVning so‘zlarini Obid RIVOJIY oqqa ko‘chirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top