13:14 / 02.09.2019
9
36315

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentabr kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Islom Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni vafot etgan edi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning qaroriga ko‘ra har yili bu sana Xotira kuni sifatida yod etilmoqda.

Birinchi prezidentning qat'iyati va jasorati bilan yurtimiz mustaqillikka erishgan, taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan. Islom Karimovni qancha e'zozlasak, xalqimizga, yoshlarimizga ma'naviyat yetkazgan bo‘lamiz, deya ta'kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu marosim ham davlat va jamoatchiligimizning Islom Karimovga hurmati ifodasi bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Qur'on tilovat qilindi. Birinchi prezidentning hayoti va faoliyati, orzu-istaklari, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni ta'minlashdagi xizmatlari yodga olindi.

Gul qo‘yish marosimida parlament va hukumat a'zolari, fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi. 

Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top