07:44 / 03.09.2019
9
16893

Maktablar reytingida soxtalashtirishlar kuzatilgani sabab natijalar qayta tekshirib chiqilgan

30 avgust kuni ilk bor respublikadagi umumta'lim maktablari reytingi e'lon qilingandi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktablar reytingini aniqlash jarayonida uchragan soxtalashtirish holatlari haqida ma'lumot berildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati

Davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i Ayubxon Radjiyev ta'lim muassasalari reytingining asosiy maqsadlaridan biri - o‘quvchilar bilimini baholash xalqaro dasturlarida mamlakatimizning ijobiy ishtirokini ta'minlashga tayyorlash ekanligini ta'kidlar ekan, reyting natijalarini obektivligi va shaffofligini ta'minlash Ta'lim inspeksiyasi oldidagi eng muhim vazifa ekanligi ma'lum qildi.

A.Radjiyev tomonidan ushbu muhim vazifani ijrosini ta'minlash jarayonida aniqlangan ayrim noxolis holatlar keltirib o‘tildi.

Ishchi guruhlar tomonidan joylarda o‘tkazilgan nazorat ishlari vaqtida matematika fan uchun berilgan savollar kitobini soxtalashtirish (nusxalash) hamda shtrix ishlatish holati aniqlangan, bular: Qashqadaryoda 2 ta maktabda, Jizzaxda 1 ta maktabda va Namanganda 1 ta maktabda aniqlangan.

Bundan tashqari, Qashqadaryoda 6 ta, Farg‘onada 6 ta, Navoiyda 5 ta, Surxondaryoda 5 ta, Namanganda 4 ta, Buxoroda 3 ta, Xorazmda 3 ta va Andijonda 1 ta holatda nazorat ishi o‘tkazilayotgan sinfga o‘quvchining o‘rniga boshqa o‘quvchi yashirincha kiritilganligi ma'lum bo‘lgan.

Oliy ta'lim muassasalaridan va ular qoshidagi akademik litseylardan ona tili o‘qituvchilari 9-sinf o‘quvchilari bilan diktant yozdirishga va tekshirishga jalb qilingan. Ayrim viloyatlarda diktant materiallari noxolis tekshirilgani oqibatida o‘quvchilarning o‘zlashtirish (10-20%) va sifat (15-25%) ko‘rsatkichlari sun'iy ravishda oshib ketgani aniqlandi.

Jumladan, Xorazmda 21,6/24,6 foiz, Farg‘onada 17,7/22,7 foiz, Andijonda 14,5/18,4 foiz, Toshkent shahrida 13,8/15,4 foiz, Navoiyda 11,2/14 foiz noxolis baholashlar qayd etilgan.

Buning oqibatida reytingda qatnashgan barcha 956ta maktablarga tegishli nazorat ishlari Davlat inspeksiyasida qaytadan tekshirib chiqildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston 2021 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning ta'lim sifatini baholash bo‘yicha PISA (15-16 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur) xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishi ta'kidlanib, yuqoridagi kabi noxush holatlar ushbu sinovlar jarayonida ham kuzatilsa mamlakatimiz ulardan chetlashtirilishi ma'lum qilindi.

Yakunda hududiy xalq ta'limi boshqarmalari rahbarlari va umumta'lim maktab direktorlariga kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda maktablardagi mavjud kamchiliklari soxtalashtirish orqali emas, balki ta'lim sifatini oshirish yo‘li bilan hal qilish vazifasi topshirildi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top