12:40 / 03.09.2019
7
57609

Samarqand viloyatida avtobus va yuk mashinasi to‘qnashdi. Bir kishi halok bo‘lgan, 20dan ortiq kishi jarohatlangan

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

3 sentabr kuni taxminan soat 07:00da Samarqand viloyati, Jomboy tumanining Beshbola qishlog‘i hududida «ISUZI» rusumli avtobus «MAN» rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlarga qaraganda, avtobusda 31 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ularning 22 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. 1 nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan.

«Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga 5 daqiqada yetib borgan. Jami 8ta tez tibbiy yordam brigadasi ko‘magida jarohatlanganlarning barchasi tezkor ravishda Jomboy tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bemorlarga o‘z vaqtida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida sanitar aviatsiya xizmati orqali neyroxirurg, xirurg, travmatolog kabi qator tajribali mutaxassislar safarbar etildi. Ayni paytda yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohatlanganlarning 6 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga davolanish uchun ko‘chirilgan, 3 nafar bemorga Jomboy tuman tibbiyot birlashmasida, 13 nafar bemorga esa ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanalida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top