10:17 / 04.09.2019
5
52499

Sirdaryoda soxta prokuror qo‘lga olindi

Foto: KUN.UZ

Ikrom Karimov (ism-shariflar o‘zgartirildi) 2018 yil noyabr oyida Yangiyer shahridagi «Dehqon bozori»ga borib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Yo. Xo‘jamovga o‘zini «Alisher ismli Sirdaryo viloyati departamenti xodimi» deb tanishtirgan va kelajakda qo‘llab-quvvatlab turishni va'da qilgan, deb yozmoqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Xovos tuman sudi raisi O. Nabiyev «Postda» nashrida.

So‘ng u bozorda valuta tadbiri o‘tkazilayotganligi uchun 3500000 so‘m pul yetmay qolganligi, tadbir tugagach, qaytarib berishini aytib, undan ushbu summani olgan.

Ikromning tuzog‘iga tushgan navbatdagi jabrlanuvchi samarqandlik Q. Murodov bo‘ldi. Ikrom o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan bu fuqaro bilan  o‘tgan yilning 3 dekabr kuni Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida ko‘rishadi. Ikrom unga davlat hisobiga musodara qilingan «Jyentra» rusumli avtomashinani arzon narxda auksion orqali olib berishni aytadi. Harakatlari ishonchli bo‘lishi uchun Q. Murodovning fuqarolik pasportini qo‘lga kiritadi. So‘ng avtomashinani rasmiylashtirib berishini aytib, undan 18252800 so‘m, ya'ni 2200 AQSh dollarini oladi.

Ikrom 2019 yilning 16 yanvar kuni tanishi Ahmad Murodovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Yodgor ismli Toshkent shahar prokuraturasi xodimi deb tanishtirdi va unga o‘g‘li M. Murodovni Oliy sudga protest kiritish yo‘li bilan qamoqdan chiqishiga yordam berishini aytdi. Oradan uch kun o‘tgach, «Oltin baliq» kafesi oldida u bilan ko‘rishib, xizmati evaziga 2000 AQSh dollari so‘raydi. A. Murodov bu haqda Sirdaryo viloyati prokuraturasi va Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlariga ma'lum qilgach, o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi kabi firibgarlik harakatlarini sodir etgani uchun u 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top