13:54 / 06.09.2019
1
7403

Davlat kimyo komissiyasi qayta tashkil qilinmoqda

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019 yil 17 apreldagi PF-5708-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi etib qayta tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi)ni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat komissiyasi etib;

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi Ishchi organini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat komissiyasi Ishchi organi etib qayta tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Ishchi organ Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi Ishchi organining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun tavsiya etilayotgan respublikada ishlab chiqarilgan va chet eldan olib kelingan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari hujjatlarini o‘rganib chiqish, ularning biologik jihatdan samaradorligini, toksikologik-gigiyenik va ekologik, shu jumladan tuproq mikroflorasi va faunasiga ta'sirini aniqlash uchun sinovlar tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida o‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda o‘simliklarning o‘sishini boshqaruvchi vositalar ro‘yxatini yuritish;

ro‘yxatga olingan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarining inson salomatligiga va atrof-muhitga salbiy ta'siri, nomaqbul xossalari hamda biologik jihatdan samaradorligi past ekanligi aniqlangan taqdirda ularni qo‘llashni taqiqlash;

o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llash reglamentlari va qoidalarini ishlab chiqishni tashkil etish hamda tasdiqlash.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top