07:43 / 09.09.2019
4
30021

1,6 mlrd so‘mlik tabiiy gaz noqonuniy ravishda ishlatilgani aniqlandi

Foto: kawkazrg.ru

Ko‘plab ogohlantirishlarga va belgilangan tartibda choralar ko‘rilganiga qaramay, yakka tartibdagi biznes vakillari, shuningdek respublika aholisi tarafdan tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilmasligi davom etmoqda, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati va "O‘zneftgazinspeksiya" matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Angren shahrida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida, gaz ta'minoti tashkilotining ba'zi “manfaatdor” shaxslari Angren shahrida suyultirilgan gazni qabul qilish va tarqatish jarayonida shaxsiy manfaatlarga ega ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Joriy yilning avgust oyida Angren shahrida suyultirilgan gazni gaz ballonlarda tarqatish bo‘yicha profilaktika tadbirlari davomida jami 344 mln. 35 ming so‘mlik 83 ming 860 kg hajmdagi suyultirilgan gaz asossiz ravishdan hisobdan chiqarilganligi aniqlandi. Bundan tashqari, Angren shahridagi iste'molchilar bilan o‘tkazilgan og‘zaki muloqot natijasida, suyultirilgan gazning narxi sun'iy ravishda oshirilganligi ma'lum bo‘ldi. Ya'ni, 20 kg. lik bir dona gaz ballon uchun davlat tomonidan belgilangan imtiyozli narx 19 ming so‘m bo‘lishiga qaramasdan, iste'molchilar o‘rtacha 23-24 ming so‘mdan to‘lab borilayotganligi ma'lum bo‘ldi. 

Shuningdek, joriy yilning 30 avgust kuni “O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida gaz ta'minotiga noqonuniy ulanish orqali “Yuksak Parranda” MChJga qarashli bitum ishlab chiqarish sexida jami 299 ming 140 metr kub tabiiy gazdan foydalanib 298 mln. 616 ming so‘mlik zarar yetkazganligi aniqlandi.

Umuman olganda, joriy yilning 16 avgustidan 30 avgustiga qadar Respublika bo‘yicha profilaktika tadbirlari natijasida jami 1 mlrd. 698 mln so‘mdan ortiq 2 mln. 98 ming metr kub bo‘lgan tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangan 133 ulgurji iste'molchi aniqlandi. 

Xususan, Navoiy viloyatida joylashgan “Zarafshon Golden Grup” MChJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida 314 mln so‘mdan ortiq, 315 ming metr kub, Samarqand viloyatida joylashgan “Fortuna Gold Invest Ltd” MChJga qarashli gazbetonli g‘isht ishlab chiqarish sexida 99 mln so‘mdan ortiq miqdordagi 282 ming metr kub, shuningdek, Toshkent viloyatida joylashgan “Progress Agro Business” MChJ, “Dong San” MChJ, “Glass Tech Servis” MChJ, korxonalariga qarashli parrandachilik fermalarida va bitum ishlab chiqarish sexlarida jami 503 mln so‘mdan ortiq 602 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Joriy yilning boshidan 2000 ga yaqin tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlangan bo‘lib, tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top