20:27 / 09.09.2019
0
6085

Minglab begona odamlar kasalmand bolani qo‘llab-quvvatlab, unda hayotga muhabbatni qaytarishdi

Angliyaning Bolton shahrida yashovchi va og‘ir kasallikdan aziyat chekuvchi bola begona odamlardan 3 mingdan ko‘proq otkritka oldi. Bu haqda The Mirror nashri xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, 13 yoshli Ris Uilyams bullyoz epidermoliz kasalligidan aziyat chekadi. Bu tug‘ma kasallik uning terisini o‘ta ta'sirchan va yengil jarohatlanuvchi qiladi. Hattoki kichik ta'sirlar ham uning terisida pufaklar va yallig‘lanishlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Bola jarohat olmasligi uchun uning oyoq-qo‘llarini muntazam bintlashga to‘g‘ri keladi. Yaralarga esa sinchkovlik bilan ishlov berishga to‘g‘ri keladi, aks holda ular bitmas jarohatlarga aylanishi mumkin.

Bola muntazam ravishda bintlangan holatda yurishdan charchab, o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylay boshlagan va onasiga “to‘yib ketganini” aytgan. O‘g‘lining bu gaplaridan vahimaga tushgan ayol jigarbandiga yordam berish yo‘lini izlay boshlagan: u Facebook foydalanuvchilaridan o‘g‘lining 14 yoshiga otkritkalar jo‘natishni so‘ragan.

Onaning bu iltimosi tezda ommalashib, bir necha kun ichida bolaga butun dunyodan, jumladan Qatar, AQSh va Chilidan 3 mingdan ko‘proq otkritka va sovg‘alar kelgan. Jo‘natmalar shunchalik ko‘p bo‘lganki, Uilyamslar uyiga Ris uchun atalgan maktublarga liq to‘la pochta furgoni kelgan.

Risning onasi Tanya o‘g‘li bundan o‘zida yo‘q xursandligini, do‘sti bilan har bir maktubni e'tibor bilan o‘qib chiqayotganini aytgan. “Bu g‘aroyib. Menga Facebook’ga minglab xabarlar keldi, odamlar eshigimiz yoniga otritkalar olib kelmoqdalar, Ris uchun maktublarga liq to‘la furgon keldi”, deb aytgan ona. Ayol o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan barchaga minnatdorlik bildirgan.

Shuningdek, onaning postiga mahalliy futbol jamoasi “Bolton Uonderers” ham javob bergan. Klub bolaga ularning ramzi bo‘lishni taklif qilgan va Ris bu taklifga bajonidil rozi bo‘lgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top