17:02 / 10.09.2019
0
10125

Erdo‘g‘an: Turkiya qochoqlarning yangi to‘lqiniga bas kela olmaydi

Foto: REUTERS

Agarda Suriyadagi inqiroz hal etilmasa, Turkiya bu mamlakatdan keladigan qochoqlarning yangi to‘lqiniga bas kela olmaydi, dedi Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an.

"Turkiya 3,5 million suriyalik qochoqni qabul qildi. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlardan kelgan qochoqlar bor, bizda hammasi bo‘lib besh millionga yaqin qochoq boshpana topgan. Agarda Suriyadan yangi qochoqlar to‘lqini keladigan bo‘lsa, Turkiya bunga dosh beradigan holatda emas", - dedi Erdo‘g‘an.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya qochoqlar oqimini to‘xtatish orqali butun Yevropaning xavfsizligini ta'minlamoqda.

"Mamlakatimizdagi suriyaliklar o‘z vatanlariga qaytishlari uchun ularning mamlakatini terrorchilardan tozalash kerak. Suriyada IShID mag‘lub bo‘ldi. Hozirda qochoqlarning qaytishiga YPG (suriyalik kurdlar mudofaa kuchlari) ko‘proq xalal bermoqda. Suriyani terrorchilardan tozalash uchun AQSh bilan hamkorlik qilishimiz muhim hisoblanadi", - dedi Turkiya prezidenti.

U Turkiya AQShning sobiq prezidenti Barak Obamaga Suriya shimolida xavfsizlik hududini tashkil etishni taklif qilganini eslatdi.

"Afsuski, Obama bilan buning imkoni bo‘lmadi. Hozirda prezident Tramp bilan kelishuv mavjud. Biz AQShdan ittifoqchidek harakat qilishini kutmoqdamiz: ular Suriyadagi YPG bilan kurashda bizning yonimizda bo‘lishini istaymiz, ammo amerikaliklar YPG’ga 50 mingga yaqin yuk mashinasida qurol yetkazib berdi, bu bizni qattiq tashvishga solmoqda va nomaqbul ishdir", - dedi Erdo‘g‘an.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top