12:31 / 10.09.2019
0
6990

«Forish» poligonida O‘zbekiston va Hindiston maxsus operatsiya kuchlari hamkorligida seminar trening boshlandi

Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida  Hindiston va O‘zbekiston maxsus operatsiya kuchlari hamkorligida seminar trening o‘tkazilmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Ikki davlat maxsus operatsiya kuchlari mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar treningda dastlab dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy mojarolar, turli terroristik guruhlarning olib borayotgan xatti-harakatlari tahlili, ularga qarshi ko‘rilayotgan choralar, jang olib borishning zamonaviy usul va uslublari xususida o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, Hindiston harbiy xizmatchilari o‘z mamlakatidagi Qurolli Kuchlarning tuzilishi, qo‘shin turlari, jumladan, terrorizmga qarshi olib borilayotgan dasturiy harakatlar hamda ushbu seminarga tayyorlab kelingan o‘zlarining dasturlari bilan tanishtirdi. 

Shu kuni seminar trening ishtirokchilari “Forish” tog‘ dala-o‘quv maydonida amaliy mashg‘ulotlarni olib borish bo‘yicha ham tajriba almashdilar. Xususan, shahar va tog‘li hududlarda terroristik guruhlarni yo‘q qilishda jang olib borishning o‘ziga xos ko‘rinishlari namoyish etildi.

Mashqlarda keskin vaziyatlarda guruh shaxsiy tarkibining to‘g‘ri qaror qabul qilish, dushmanni yakson etishning eng samarali usullarini qo‘llash, olib borilayotgan operatsiyalarni imkon qadar betalafot olib borishning usullari o‘z aksini topdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top