21:08 / 10.09.2019
9
47384

«O‘zbekiston Orol dengizi bilan bog‘liq muammo tufayli ko‘p pul yo‘qotmoqda» - Xalqaro markaz direktori muammo bo‘yicha takliflar berdi

Orol dengizining qurib borishi va uning o‘rnida zaharli, yirik tuz maydonlarining vujudga kelishi, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun yildan yilga katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, Orolbo‘yi aholisi orasida turli xavfli kasalliklarning ortib borishi, chorva va boshqa turdagi hayvonlarning nobud bo‘lishi, shuningdek, dehqonchilik uchun yer maydonlarining yaroqsizligi hamda boshqa yirik muammolar shular jumlasidandir.

Ochig‘ini aytish kerak, endi Orol dengizini suv bilan to‘ldirish imkonsiz masala. Yagona yechim bu - hududda bioxilma-xillikni vujudga keltirish va turli yo‘llar bilan aholi salomatligini yaxshilash.

Hozirda O‘zbekiston jahondagi yirik xalqaro tashkilotlar e'tiborini mazkur muammoga qaratish orqali Orolbo‘yi hududida nisbatan qulay muhit yaratishga intilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Islom taraqqiyot banki, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA), BMT oziq-ovqat tashkiloti, Qurg‘oqchilik masalalarini tadqiq etish va ta'limi bo‘yicha xalqaro platforma (IPDRE), AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ECFS tashkiloti hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda manfaatdor tomonlar ishtirokida Ko‘p tarmoqli forum tashkil qilindi.

Kun.uz mazkur forumda ishtirok etgan “Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi” (ICBA) rahbari Ismaxan Elouafi xonim bilan suhbat tashkil qildi.

Suhbat davomida O‘zbekiston va butun dunyoda sho‘rlanish muammolari, sho‘rga chidamli ekinlar yetishtirish va shu orqali yerdan unumli foydalanish hamda oziq-ovqat tanqisligining oldini olish masalalari muhokama qilindi.

 Ayni damda Markazingiz tomonidan O‘zbekistonda qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

Biz O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyo mintaqasida 2006 yildan beri faoliyat yuritamiz. Dastlab ishni loyihalarni umumlashtirishdan boshlaganmiz. Bu - sho‘rlanishga qarshi kurash, suv resurslaridan unumli foydalanish va boshqa shu kabilarni qamrab olgan. Keyinchalik esa, ya'ni so‘nggi yetti yilda, asosan Qoraqalpog‘iston hududida yangi ekin turlarini joriy etish bilan shug‘ullanmoqdamiz. Fermerlarda mavjud ekin mahsulotlari sho‘rlanish, qurg‘oqchilik va boshqa tabiiy ofatlar sabab yetarlicha hosil bermayapti. Biz sinovdan o‘tkazayotgan o‘simliklar esa bunday sharoitlarga moslashgan bo‘lib, unumdorlikni sezilarli darajada oshiradi. Hozirda faqat tadqiqot sifatida amalga oshirilayotgan bu loyiha tez orada jadallashishi kutilmoqda. Biz ko‘p yillardan beri mehnat qilmoqdamiz. Shunday ekan natijaga erishish uchun loyiha qamrovini kengaytirishimiz lozim. Hozirgacha akatsiya va shu kabi boshqa o‘simliklarni sinovdan o‘tkazdik. Ularning ayrimlari bir yillik, boshqalari ko‘p yillik, ba'zilari butasimon va yana ba'zilari daraxsimon o‘simliklardir. Ulardan foyda olish uchun harakatimizni jadallashtirishimiz kerak, chunki Orol dengizi hududidagi vaziyat yaxshilanmayapti.

Mahalliy fermerlar bilan hamkorlik qilish, ularning hayot tarzida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rish juda quvonarli, albatta. Agar loyihamiz amalga oshsa vaziyat ancha o‘nglanadi. Ayni shu maqsadda Orol dengizi xalqaro markazi tashkil etilgan. U dasturlarni amalda qo‘llash va hayotga tatbiq etishda ko‘maklashadi.

Ismaxan Elouafi

 Amalga oshirayotgan loyihalarinigiz fermerlar faoliyatiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Fermerlarni muvaffaqiyatga ishontira olish va ularni ergashtira bilish juda muhim. Agar ularga yaxshi hosil beruvchi ekin mahsulotlarini yetkazib bera olsak, bu katta yutuq bo‘ladi. Balki tajribaning birinchi yilida bizning loyihaga qo‘shiluvchi fermerlar soni u qadar ko‘p bo‘lmas, ammo ikkinchi, uchinchi yillarga o‘tib, tadqiqot o‘zini oqlaganini ko‘rgach boshqa fermerlar ham ixtiyoriy ravishda bizga qo‘shila boshlaydi. Ular ko‘p yillardan beri davom etib kelayotgan muvaffaqiyatsizliklar sabab bunday loyihalarga ishonchini yo‘qotgan. Shu sababdan bizning markaz va boshqa xalqaro markazlar “fermalarda sinov tajribasi” deb nomlangan dasturlarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Unga ko‘ra mutaxassislar fermalarga borib u yerdagi ishchilar bilan birgalikda yangi loyihalarni sinovdan o‘tkazadi. Bu ularga hammasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish va jarayonda bevosita ishtirok etish imkonini beradi. Ammo buning uchun keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘ladi – hukumat tomonidan ham, xususiy sektorlar tomonidan ham.

Yetishtirilgan mahsulotni bozorga olib chiqish, xoh xalqaro, xoh ichki bozorda bo‘lsin sotish muhim. Bu o‘z navbatida o‘ziga xos zanjirni shakllantiradi. Unda hukumat vakillaridan tortib viloyatlar, xususiy sektorlar, fermerlar, xalqaro tashkilotlar, tadqiqot institutlari ishtirok etadi. Aynan shunday zanjirning yaratilishi, umid qilamizki, fermerlar hayotini yaxshi tarafga o‘zgartiradi.

Foto: Getty Images

 Moliyaviy masalalar to‘g‘risida gapirib o‘tdingiz. Ayting-chi, asosiy donorlar kimlar?

Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston qashshoq davlat emas. Sizning yurtingiz kam daromad qiluvchi mamlakatlar sirasiga kirmaydi. Shunday ekan, tashqaridan yordam kutib o‘tirishga hojat yo‘q. Albatta, Fors Ko‘rfazi mintaqasidagi davlatlarda, Xitoy, Yaponiya, Rossiya va boshqalarda Orol dengizi hududidagi vaziyatni yaxshilashga astoydil qiziqish bildiruvchi donorlar bor. Biroq mahalliy hukumat vakillari ham masalaga jiddiy e'tibor qaratib, investitsiyalar kiritishi lozim. Xususiy soha vakillarini jalb qilish katta yordam beradi. Tomonlar o‘zaro kelishib, iqtisodiy jihatdan foyda keltiruvchi ekin mahsulotlarini ekishi juda muhim. Chunki investitsiyalar hajmi katta bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Orol dengizi hududidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston tajribasini taqqoslab bera olasizmi?

U yerda harakat ilgariroq boshlangan va bu o‘z natijasini berdi. O‘zbekistonning Orol dengizi hududida amalga oshirayotgan innovatsion loyihalari tahsinga sazovor, albatta. Biroq aytib o‘tganimdek, harakatni tezlashtirishimiz kerak – ko‘plab ekin mahsulotlarini ekish, qishloq xo‘jaligi yuritishning yangicha tizimini joriy qilish juda muhim. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p va ular qanchalik tez amalga oshirilsa shuncha yaxshi. Chunki vaziyat yildan yilga yomonlashib boryapti. Bu esa o‘z navbatida loyihaga ajratilishi kerak bo‘lgan mablag‘ miqdorining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Ehtimol bu yalpi ichki mahsulot hajmi ko‘rsatkichlarida aks etmayotgandir, ammo davlatingiz mazkur muammo sabab ko‘p pul yo‘qotmoqda. Agar harakat 20 yil oldin boshlanganda edi, loyiha ancha kam mablag‘ talab qilgan bo‘lardi va tabiiyki, 20 yildan keyin uning qiymati yanada ortadi. Vaqt o‘tgan sari xarajatlar ko‘payib boraveradi. Chunki talafot qamrovi juda katta.

Sizningcha bunga qancha vaqt ketadi? O‘n yil, yigirma yil?

Kamida yigirma yil. Chunki hudud sezilarli darajada katta va yer juda sho‘rlangan. Biz tavsiya qilayotgan yechim qishloq xo‘jaligida sho‘r muhitga moslashgan o‘simliklar ekishni joriy qilishdan iborat. Shunday o‘simliklar borki, ular sho‘r yerlarni afzal biladi. Fan tilida ular halofit deb ataladi. Agar ushbu loyihani amalga oshirsak, ko‘plab innovatsion texnologiyalar jalb qilinadi, qishloq xo‘jalik tizimi yaxshilanadi.

Foto: Getty Images

Siz tavsiya qilayotgan ekin mahsulotlari yaxshi hosil beradimi? Ular hudud aholisi hayot tarzini yaxshilashda qanchalik foyda keltiradi?

Albatta, faqat agar mos keladiganini tanlay bilsak. Biz shunchaki taxminlarga asoslanib to‘g‘ri keladigan, kelmaydigan o‘simliklar urug‘ini yerga qaday olmaymiz. Markazdagi tajribamizga tayanib va boshqa tashkilotlar tadqiqot natijalarini o‘rgangan holda, sho‘rlanishga chidamli ekinlarni ekishimiz kerak. Bizda dengiz sho‘r suvini o‘ziga 20 foizdan 100 foizgacha singdirib oladigan o‘simliklar bor. Asosiy vazifamiz ular orasidan mos keladiganlarini topib, sinovdan o‘tkazib ko‘rishdan iborat. So‘ngra yetishtirilgan mahsulotlar uchun xaridorlar topish lozim bo‘ladi. Faqat shundagina fermerlar daromad qila boshlaydi.

Foto: Getty Images

So‘nggi savolim, tashkilotingizning O‘zbekiston bilan hamkorlik rejalari haqida to‘xtalib o‘ta olasizmi?

Hamkorlik biz uchun strategik ahamiyatga ega. Shu sababdan bu yerda ofis tashkil etdik va u shakllanib bormoqda. Idoramiz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo va Kavkazorti hududlaridagi hamkorlik uchun ham mas'uldir. Yurtingiz samarali tadqiqot o‘tkazish uchun juda qulay joy. Bu yerda kuchli salohiyatga ega markazlar mavjud. Biz O‘zbekistonning mazkur sohada mintaqada yetakchilik qilishiga ishonch bildirmoqdamiz va istiqboldagi rejalarda sho‘rlanishga qarshi kurashishdan tashqari, qurg‘oqchilikning oldini olish, suv resurslaridan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish kabilar bor.

Asosiy harakatlar o‘tgan yildan boshlandi. Garchi bu yerda oldindan faoliyat yuritgan bo‘lsak-da, ish qamrovimiz unchalik keng emasdi. Umid qilamizki, O‘zbekiston hukumati bilan aloqalarni yanada mustahkamlab, Innovatsion rivojlanish va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari bilan strategik hamkorlikni davom ettiramiz.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top