20:41 / 10.09.2019
0
14835

Tebinbuloq koni bazasidagi kon-metallurgiya majmuasi nega kerak? Mas'ullar batafsil ma'lumot berdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yil 2 yanvardagi Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan «Tebinbuloq koni bazasida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi» loyihasini yo‘lga qo‘yishda amalga oshirilayotgan ishlar, kombinatning taxminiy portreti haqida batafsil ma'lumot berildi.

Mazkur kompleksning qurilishi mahalliy xomashyodan foydalangan holda zamonaviy po‘lat ishlab chiqarishni tashkil etish hisobiga o‘z metallurgiya majmuasini tashkil etish, eksport salohiyatini oshirish va importni kamaytirishni maqsad qiladi. Loyiha 2024 yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya majmuasini qurish direksiyasi direktor o‘rinbosari Aziz Alimovning ma'lumot berishicha, kompleksning ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,5 million tonnani tashkil etadi. Geologik qidiruvlar natijasiga ko‘ra, konda 2 milliard tonna xomashyo zaxirasi mavjud. Kondan yiliga 33 million tonna ruda qazib olinib, undan 1,5 millon tonna temir olinishi mo‘ljallanmoqda. Mazkur kon zaxirasi 50 yilgacha yetishi taxmin qilinmoqda. Kompleks yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna burchak, shveller va boshqa qurilish uchun kerakli xomashyolar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Majmua 2 mingdan ortiq kishini ish bilan ta'minlashi kutilmoqda. Mahsulotning 35 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Direksiya direktori Botir Rustamovning so‘zlariga ko‘ra, po‘latning kishi boshiga ulushi AQShda 600-700 kilogramm, o‘rta rivojlangan davlatlarda 200-300 kilogramm, O‘zbekiston esa 60-70 kilogrammni tashkil etadi.

«Bu rivojlangan davlatlarga qiyoslaganda ancha past ko‘rchatkich. Mamlakatning po‘latga ehtiyojini qondirish uchun bu ko‘rsatkichlarni oshirish kerak. Tebinbuloq konidan ham shu maqsadda foydalaniladi», deya Botir Rustamovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda temir rudasi qazib olish mumkin bo‘lgan uchta manba mavjud. Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Suyun ota konida 30 foizgacha temir bo‘lib, zaxira atigi 25 million tonnani tashkil etadi. Samarqanddagi Temirkon manbasida 100 million tonnagacha zaxira mavjud. Lekin ularda ruda ancha chuqurlikda joylashgani, zaxira ham kamligi bois qazib olish xarajat jihatidan manfaatli emas.

Qoraqalpog‘istondagi Tebinbuloq koni sovet davridayoq ochilgan bo‘lib, o‘sha davrda ham bu kondan yaxshi mahsulot olish mumkinligi tasdiqlangan. Konning hozirda mo‘ljallanayotgan 350 metr chuqurligida 2 milliard tonna ruda aniqlangan. Keyinchalik 800 metrgacha chuqurlikka borib, yana ruda olinishi ehtimoli bor.

«Mazkur kondagi rudada 13 foiz temir mavjud. Bu katta ko‘rsatkich emas. Aslida 65 foiz temir bo‘lgan hududda rudani qazib olish manfaatli hisoblanadi. Bu kondan olingan temirga vanadiy va titan metallini qo‘shib, konsentratsiyasini 68 foizga yetkazish kutilmoqda. Bu mahsulotning sifatini va mustahkamligini ham oshiradi», deydi direksiya direktori.

Mas'ullarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda temir bilan ishlayotgan yagona korxona «O‘zmetkombinat» hisoblanadi. U yiliga 1 million tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarishi mumkin, lekin ikkilamchi xomashyo asosida ishlaydi. Ya'ni uning ishlashi uchun metallolom talab etiladi.

«Yaqin o‘tmishdagi 15 yil davomida har bir tashkilotning metallolom topshirish bo‘yicha rejasi bo‘lgan. Bu reja ko‘rsatkichlari metallolomni import qilish hisobiga kamaygan. Lekin import xaridining narxi baland.  Yiliga 2 mln. tonna metallolom kiritish uchun 2 milliard AQSh dollari xarajat qilinadi. Vaholanki, ishlab chiqarish hajmining oshishi hisobiga bu xomashyoni import qilishga ehtiyoj ham, xarajat ham oshib boradi», deya ta'kidladi Botir Rustamov.

Mas'ullar Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksining yo‘lga qo‘yilishi metallomga bo‘lgan talabni qanchalik qondirishi haqidagi savolga ham javob berishdi.

«Tebinbuloq faqatgina tabiat qo‘ynidan olingan toza ruda asosida ishlaydi. Unga metallolom kerak emas. Lekin «O‘zmetkombinat»ning ehtiyoji katta bo‘lgani bois metallolomga bo‘lgan talab yo‘qolmaydi. Tebinbuloq koni «O‘zmetkombinat»ning issiq eritiluvchi temirga bo‘lgan ehtiyojini qoplashi mumkin», deydi direksiya direktori o‘rinbosari.

Tebinbuloq kon-metallurgiya majmuasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Germaniyaning «DMT Group», Avstriyaning «Horst Viesenger Konsulting» korxonalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Kondagi rudadan 3 ming tonna hajmida Germaniyaning «SGA» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga yuborilgan bo‘lib, unda rudani boyitish va undan temir moddasini ajratib olish bo‘yicha sinov tajribalari o‘tkazilmoqda. Hududdagi mavjud rezervlarni xalqaro JORK kodekciga muvofiq baholash hamda Bank texnik-iqtisodiy tahlilini o‘tkazish jarayonlari kechmoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top