19:04 / 12.09.2019
0
3676

Innovatsion rivojlanish vaziri «Belarus» yuqori texnologiyalar parki rahbarini qabul qildi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 11 sentabr kuni «Belarus» yuqori texnologiyalar parkining Kuzatuv kengashi raisi Vsevolod Yanchevskiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga joriy yilning 31 iyul-1 avgust kunlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev «Belarus» yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishib, texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish bo‘yicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan taklif ilgari surgandi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

2005 yilda tashkil etilgan «Belarus» yuqori texnologiyalar parki Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik AT-klasterlarlaridan biri bo‘lib, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga imtiyozlar va imkoniyatlar beruvchi majmua hisoblanadi. Uni tashkil etishdan maqsad esa mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishdir.

I. Abdurahmonov Davlat rahbarining mazkur texnopark rezidentlari tajribasini yurtimizda tatbiq qilish tashabbuslarini bajarish muhimligini ta'kidladi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

– Belarusciyaning texnoparklar, inkubatorlar, startap loyihalarini amalga oshirish tajribasi O‘zbekiston uchun o‘rnakdir, – dedi vazir. – Hamkorlikda yuqori texnologiyalariga asoslangan qo‘shma startap loyihalarni amalga oshirish yurtimiz startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ta'kidlash joizki, «Belarus» yuqori texnologiyalar parki rezidentlarimiz axborot-kommunikatsion texnologiyalarni eksport qiluvchi, mahalliy yoki xorijdan yangi investitsiyalarni jalb qiluvchi, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar yaratuvchi, kichik va istiqbolli loyihalarni rivojlantiruvchi, innovatsion muhit shakllanishiga hissa qo‘shuvchi kompaniyalardan iboratdir.

V. Yanchevskiy yurtimizda ta'limga va innovatsion rivojlanishga alohida ahamiyat qaratilayotganiga yuqori baho berdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

— Dunyoda startap kompaniyalarining atigi o‘n foizigina daromad keltiradi, – dedi V. Yanchevskiy. – Ammo bizning texnoparkning rezidentlari va startap loyihalarining barchasi hozirda kiritilgan investitsiyadan bir necha o‘n baravar miqdorida daromad bermoqda. Buning sababi startap loyihalarga bizning o‘zgacha yondashuvimiz bo‘ldi. Biz shunchaki g‘oya bilan kelgan, tajribasiz loyiha mualliflariga emas, balki yirik mahalliy va yetakchi xorijiy kompaniyalarida tajriba orttirgan, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lgan startapchilar moliyalashtirib, ularni qo‘llab-quvvatladik. Natijada birorta loyihamiz muvaffaqiyatsiz bo‘lmadi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Darhaqiqat, bugungi kunda “Belarus” YuTP dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yo‘nalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi robototexnika hamda ta'lim va turizm sohalarida virtual reallik texnologiyasini qo‘llash borasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Tomonlar tez sur'atlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishdilar.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top