08:29 / 12.09.2019
5
14430

Ko‘chma va qatnash tusidagi ishlar bilan bog‘liq ustamalar to‘lash tartibi tasdiqlandi 

Foto: KUN.UZ

Hukumat qaroriga ko‘ra, Ko‘chma va qatnash tusidagi ishlar bilan bog‘liq ustamalar to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, ko‘chma yoki qatnash tusidagi ishlarning xususiyati va ustamalar miqdori ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasida ko‘rsatiladi.

Ishning ko‘chma xususiyati uchun ustama tashkilot joylashgan joydan ish (obekt) joyiga muntazam xizmat safarlarini amalga oshirish bilan bog‘liq ishni, biroq har kuni yashash joyiga yoki tashkilot joylashgan joyga qaytib kelish mumkin bo‘lgan obektlarda ishni bajaruvchi xodimlarga, shuningdek, doimiy ishi yo‘lda o‘tadigan xodimlarga belgilanadi.

Ishning qatnash xususiyati uchun ustama ishlab chiqarish zarurati tufayli har kuni doimiy yashash joyiga qaytib kela olmaydigan xodimlarga ularning doimiy yashash joyidan uzilganligi bilan bog‘liq oshgan xarajatlarni qoplash maqsadida belgilanadi.

Bunday ishlar uchun ustamalar belgilanadigan xodimlar kasblari va lavozimlari ro‘yxati, shuningdek, ustamalar miqdori ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda belgilanadi va jamoa shartnomasida ko‘rsatiladi.

Bunda ustama miqdori respublika hududida belgilangan bir oylik eng kam ish haqi miqdoridan oshmasligi kerak.

Shuningdek, belgilangan miqdorlardan oshmaydigan ko‘chma va qatnash tusidagi ishlar uchun to‘langan ustamalarga daromad solig‘i solinmaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top