19:25 / 12.09.2019
140
94699

Kontrakt oshdi, stipendiya esa kamaydi. Talabalar so‘nggi o‘zgarishlarga qanday munosabatda?

So‘nggi kunlarda oliy ta'lim tizimida kuzatilayotgan o‘zgarishlar aholi orasida keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Kontrakt miqdorining yana oshgani, stipendiya qiymatining kamaygani bilan bog‘liq turli mish-mishlar, chin yoki yolg‘onligini aniqlash qiyin bo‘lgan gap-so‘zlar, tushunmovchiliklar ko‘paydi. Xo‘sh, aslida nimalar va nega o‘zgardi?

Kontrakt narxi 18 foizga qimmatlashdi. Sabab ─ xarajatlar ko‘p!

2019 yil sentabr oyidan boshlab oliy ta'lim muassasalari uchun to‘lov-kontrakt miqdori 18 foizga oshdi. Bunga asos sifatida ta'lim xarajatlari ortib borayotgani ko‘rsatilmoqda.

«Oliy ta'lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari, kommunal xizmatlar tarifi va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy ta'lim muassasasi xarajatlari daromadiga nisbatan 74 foizga o‘sgan. Shuningdek, yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrash ko‘rsatkichi 2017/2018 o‘quv yilidagi 9 foizdan joriy o‘quv yilida 20 foizga ortdi, talabalar kontingenti 126 ming nafarga ko‘paydi. Bu oliy ta'lim muassasalarida o‘qituvchilar va o‘quv binolari quvvatlarini yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyojga olib keladi, o‘z navbatida qo‘shimcha xarajatni talab etadi. Shu bois, kontrakt narxi ham oshdi. Aslida kontrakt puli ta'lim xarajatlarini to‘liq qoplashi kerak, lekin hozir bizda faqat 68 foizini qoplayapti, xolos. Qolgan qismini esa oliy ta'limda kadrlar tayyorlanishidan manfaatdor bo‘lgani uchun davlat budjetidan qoplanmoqda. Lekin davlat daromadining ham cheki bor. Agar kontrakt narxi kamaytirilsa, chegirma hisobidagi bo‘shliqni to‘ldirish ham davlat budjeti hisobiga tushadi. Lekin budjet ham xalqdan olinadigan pul hisobiga to‘ldiriladi-ku», deydi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov.

Sarvar Buzrukxonov

Ikki xil kontrakt shakli joriy etildi: stipendiyali va stipendiyasiz

2019 yildan boshlab stipendiyali va stipendiyasiz kontrakt shakli joriy etildi. Stipendiyali kontraktda talaba har doimgidek o‘z stipendiyasini oyma-oy oladi va belgilangan kontrakt summasini to‘liq to‘laydi. Stipendiyasiz kontraktda esa talaba 12 oy davomida oladigan stipendiyasining umumiy summasini (400,000x12=4,800,000) bir yillik kontrakt narxidan chegirib qolgan holda, qolgan summani to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Bu tizim bakalavr, magistrlarning barchasi uchun, shuningdek, super-kontrakt asosida o‘qiydiganlar uchun ham joriy etiladi.

Shuningdek, aholiga yengillik yaratish maqsadida kontrakt summasini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda. Oliy ta'lim muassasalari rektorlari to‘lov muddatlarini uzaytirish vakolatiga ham ega bo‘ladi.

Stipendiya miqdori bir xil ─ 400 ming so‘m

Hozirgacha amal qilib kelgan tartibga ko‘ra, talabalar semestr yakunida topshirgan test sinovlari natijasiga asosan baholariga qarab («5» baho uchun, «4» baho uchun va «3» baho uchun) tabaqalashtirilgan stipendiya olishar edi. Yangi o‘quv yilidan boshlab barcha talabalar uchun budjet yoki kontrakt asosida o‘qishdan qat'i nazar qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya joriy qilindi. Faqat bitiruvchi bosqichning budjet asosida o‘qiydigan talabalari avvalgi, tabaqalashtirilgan tizimi asosida bahosiga qarab stipendiya oladi.

Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov bergan ma'lumotlarga ko‘ra, stipendiya narxi qat'iylashtirilishi stipendiyasiz to‘lov shakli joriy etilishi bilan bog‘liq. Qat'iylashtirilgan stipendiya uchun nega aynan 400 ming so‘m belgilanganiga quyidagicha izoh berildi.

«O‘zbekistonda talabalarning 62 foizi 3 bahoga o‘qiydi. 3 baho uchun 374 ming so‘m stipendiya belgilangan. Uni yaxlitlab, 400 ming so‘m qilib qo‘ydik. Chunki kassir ham kamini bera olmay qolishi, u ham bir jinoyatni boshlashi mumkin. 600 ming qilib qo‘ysak, bu kimgadir malol kelishi mumkin. Stipendiyaning qat'iylashtirilgan miqdorini belgilashda talabalar, rektorlar kengashi bilan muhokama qilingan, oliy ta'lim muassasalari bilan kelishilgan. Oliy ta'lim muassasasi rahbarlarining fikri ham jamoatchilik fikrini beradi. Biz talabalarning ham fikrini oldik», deydi Sarvar Buzrukxonov.

Ammo talabalarning fikri qay tartibda va qaysi manbada o‘rganilgani haqidagi ma'lumot ochiqlanmadi.

Yaxshi o‘qigan talabalar rag‘batlantiriladi

Yangi tartibga ko‘ra, o‘zlashtirishi yaxshi bo‘lgan, ilmiy va jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan talabalarga stipendiyaning 50 foizigacha (200 ming so‘mgacha) miqdorda qo‘shimcha rag‘batlantirish berilishi mumkin. Bunday rag‘batlantirishga nomzodlar rektor tomonidan tavsiya qilinadi. Rag‘batlantirish mablag‘lari davlat granti asosida o‘qiydigan talabalar uchun davlat budjeti hisobidan, to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan talabalar uchun esa har bir oliy ta'lim muassasasida tashkil etiladigan fond hisobidan qoplanadi.

«Nogironlar, kam ta'minlangan oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalar uchun ham stipendiya OTM fondidan qoplab beriladi», deydi Oliy ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroyev.

Maqsud Hamroyev

«Budjetchi»lar 30 foizdan ko‘p «3» baho olsa, stipendiyasiz qoladi

Ma'lum qilinishicha, mazkur o‘quv yilidan boshlab davlat budjeti asosida o‘qiydigan talabalar barcha fanlarning 30 foizdan ko‘pini «3» bahoga yopsa, keyingi o‘quv semestrida stipendiya olishdan mahrum bo‘ladi.

Super-kontrakt tizimida o‘zgarishlar kutilmoqda

Sarvar Buzrukxonov bergan ma'lumotlarga qaraganda, talabalarning kontraktni to‘lash jarayonini yengillashtiruvchi ta'lim krediti oshirilgan kontrakt (super-kontrakt) asosida o‘qiydiganlar uchun ham ajratilishi kutilmoqda. Shuningdek, oshirilgan kontraktlar uchun bir qator qulayliklar joriy qilinishi, xususan, kontrakt summasi kamaytirilishi kutilmoqda.

Yaqin orada yangi qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berilishi aytildi.

Oshirilgan kontrakt uchun ham stipendiyali va stipendiyasiz to‘lov joriy qilinadi. Oshirilgan kontrakt miqdorini belgilashda stipendiyasiz kontrakt ─ 6 million 200 ming so‘m asos qilib olinadi.

Shu bilan birga, oshirilgan kontraktni ikkiga bo‘lib to‘lash mumkinligi haqida ham xabar berildi.

Sirtqi va kechki ta'lim uchun kontrakt summasi kamaytirildi

«Joriy o‘quv yilida sirtqi va kechki ta'lim uchun kontrakt miqdori o‘tgan yilgiga qaraganda 35-40 foizga kamaytirildi. O‘tgan yili bu summa 9 mln so‘mga teng bo‘lgan, joriy yilda esa 6 mln 300 ming so‘m etib belgilanmoqda», deydi Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroyev.

Talabalar qanday fikrda?

Stipendiyali va stipendiyasiz to‘lov-shartnoma tizimi joriy etilishi, ayniqsa, stipendiya miqdorining qat'iy 400 ming so‘mga tenglashtirilgani keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Noroziliklar soni ijobiy fikrlardan ko‘p ekanligi rost. Kun.uz ijodiy xodimlari ushbu holat talabalar tomonidan qay tarzda kutib olinganini bilish maqsadida talabalar shaharchasiga yo‘l olishdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti talabalarining ushbu qarorga munosabatlari qandayligiga qiziqdik, ulardan belgilangan 400 ming so‘mlik stipendiya bir oylik xarajatlariga yetish-yetmasligini so‘radik.

Talabalardan birining aytishicha, ushbu qaror faqatgina ota-onalar uchun ijobiy yangilik bo‘lishi mumkin. Ammo talabaning o‘zi stipendiya olmasdan yashashi qiyin.

«Fikrimcha, stipendiyali to‘lov-kontraktni tanlaydiganlar uchun ham 400 ming stipendiya belgilab qo‘yish to‘g‘ri qaror emas. Endi talaba o‘qishni emas, ishlashni birinchi o‘ringa qo‘yadi. O‘z-o‘zidan ta'lim sifati tushadi. Ilgarigi tizim optimal yechim edi», deydi talaba.

Shuningdek, yangi tizim ta'limdagi soxtaliklarga barham berishi bo‘yicha mulohaza ham bildirildi.

«Har kim o‘ziga kerakli bilimni oladi, moddiy manfaat yo‘qoladi. Talaba oldindan iqtisodiy reja tuzib olishi kerak. Ana shunda oz daromad bilan katta hajmli xarajatni qoplasa bo‘ladi», deydi talabalardan yana biri.

400 ming so‘mlik stipendiya bir oylik xarajatlarni qoplaydimi? Bu savolga deyarli barcha respondentlar «yo‘q» deya javob qaytarishdi. Bugungi kunda vaqtinchalik turar joyda yashash xarajatlarining o‘zi 300 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, oziq-ovqat xaridi va boshqa xarajatlar ham kutib turibdi.

Umumiy qilib aytganda, stipendiya masalasida budjet va to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydiganlar alohida ikki qutbga nohaq ajratib qo‘yilgani aytildi va bu harakat adolatsiz qaror, deya baholanmoqda.

Jamoatchilik nima demoqda?

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Ish haqlari 10 foizga oshgan davrda qaysi mezon va vijdon bilan kontrakt miqdorini 18 foizga oshirish mumkin? Axir kontrakt oshishi uzoq izlanishlar bilan innovatsion uslubda topilgan genial taklif — ish haqlari oshadigan foiz miqdorlariga bog‘langan emasmidi?

Bunisiga-ku chidash mumkindir, biroq kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga qanday baho olishidan qat'i nazar bir xil 400 ming so‘m stipendiya belgilanishini qanday izohlash mumkin? Gapni qancha aylantirmaylik, real hayotda bu talabalar o‘rtasida yaxshi o‘qish uchun rag‘bat butkul yo‘qolishi va o‘z ustida ishlashga ixlos qaytishiga olib kelishi fakt.

Tasavvur qiling, 32 mingta talabaga yotoqxonadan joy topilmay turgan vaqtda ular pul hisobiga kvartira topish, yeb-ichish, o‘qishga qatnash xarajatlari bilan talaba bo‘lib tahsil oladimi yoki yashash uchun norasmiy sektordagi ishchi bo‘lib kun o‘tkazadimi?

Xullas, tabaqalashtirish deganda biz kontrakt to‘lovida yengillik bo‘lishi, talabalarga imkoniyat berilishi uchun amalga oshiriladigan «to‘lov tabaqalashtirish»ni tushungandik. Bunda esa talabalarni budjet va kontraktga ajratib ochiqchasiga yerga urish bilan tabaqalashtirish boshlanib ketibdi. Sho‘ring qursin, talaba!

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger:

— Kontrakt narxlari kutilganidek 10 foiz emas, balki 18 foiz oshganiga asosiy sabab OTM xodimlarining ish haqi oshgani, kommunal xizmatlar tariflar va boshqa saqlash xarajatlari ko‘paygani ekan. Aslida butun dunyoda OTMning topayotgan daromadi oshsa, shundan keyingina xodimlarning oyligi oshiriladi. Lekin bizda avval o‘qituvchilarning oyliklarini oshirib, keyin uning o‘rnini qoplash uchun kontraktlarni qimmatlashtirishadi. Ajoyib!

Talabaning bir oylik xarajati qancha?

Viloyatdan Toshkentga kelib tahsil olayotgan talabalar bilan suhbat uyushtirildi. Ular bergan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘rta hisobdagi talabaning bir oylik xarajatlari quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi.

Yo‘l xarajatlari ─ metro va avtobus uchun oylik yo‘l chiptasi (proyezdnoy) 83 ming so‘m;

kunlik tushlik xarajatlari ─ o‘rtacha 7 ming so‘m (bir oyda 210 ming so‘m),

oziq-ovqat xaridi ─ 100 ming so‘m;

o‘quv qurollari va dars topshiriqlari bo‘yicha kompyuter xizmatlari ─ 40 ming so‘m;

telefon xarajatlari ─ 40 ming so‘m;

kvartira ijarasi ─ 220 ming so‘mdan boshlanadi;

kiyim-kechak xaridi ─ 150 ming so‘m;

universitetdagi turli xarajatlar ─ 30 ming so‘m.

Bir talabaning eng minimal darajadagi xarajatlari hisoblanganda bir oyda 873 ming so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, aksariyat talabalar til kurslariga qatnashi kerak. Buning uchun ham oyiga eng kamida 300 ming so‘m ajratish kerak.

Universitetlardagi talabalar turar joylari nisbatan arzon va qulay. Bir o‘quv yili uchun to‘lov bir million so‘mdan boshlanadi, har bir oy boshiga 100 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Lekin talabalar turar joylarida o‘rin cheklangani bois aksariyat kvartiralarda ijaraga turishga majbur bo‘ladi.

Yuqoridagi asoslar va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, kontrakt narxining oshgani va buning barobarida stipendiya miqdorining qat'iylashtirilgani aksariyat tomonidan salbiy qabul qilinmoqda. Ammo kontrakt miqdori kamaytirilishidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Bu haqida Oliy ta'lim vazirligi mas'ullari o‘z nutqlarida bayon qilishgan.

Qat'iylashtirilgan 400 ming so‘m stipendiya esa o‘zgarishi mumkin. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur yangi amaliyot ishlay boshlasa, samaradorlik va talabalarning fikrini o‘rgangan holda summa miqdoriga o‘zgartirish kiritilishi mumkin

Demak, voqealar rivojini kuzatamiz...

Saodat Abdurahmonova, Muhabbat Ma'mirova tayyorladi.
Tasvirchi: Muhammadjon G‘aniyev

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top