23:13 / 12.09.2019
10
33923

Vazir transchegaraviy daryolar bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan kelishmovchiliklar haqida gapirdi

Bugun, 12 sentabr kuni soat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishdi.

Tadbirda tashkil qilinganiga hali ko‘p muddat bo‘lmagan Suv xo‘jaligi vazirligining xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi masalasida savol bilan murojaat qilindi.

“Joriy yilning 1-7 sentabr kunlari Indoneziyaning Bali shahrida Uchinchi jahon irrigatsiya forumi hamda Yetmishinchi xalqaro irrigatsiya, drenaj qo‘mitasining kengashi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kengashga yetmishdan ortiq davlatlar a'zo hisoblanadi.

Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari sifatida men ham qatnashdim. 

Avvalo aytishim kerak, so‘nggi yillarda jahonning turli suv tashkiloti va qo‘mitalarining O‘zbekistonga nisbatan fikri o‘zgarmoqda. 

Chunki, shu paytga qadar biz uchun sohadagi eng katta masala transchegaraviy daryolar bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan sovuq aloqalar edi. 

Avvalgi davrda anjumanlarda biz daryolarning boshida turgan qo‘shni davlatlar suvni yopmoqda, bu biz uchun xavf-xatarlar tug‘diradi, degan qattiq gaplar, shiorlar bilan qatnashar edik. Bunday anjumanlarda shaxsan o‘zim ham ma'ruzalar bilan chiqqanman. Albatta, shu kabi anjumanlarda qo‘shni davlatlardan ham vakillar chiqish qilishardi va ular o‘zlarida ham ahvol og‘ir ekanligi va shunday qilmasa bo‘lmasligini sabab sifatida keltirishardi. 

Bu kabi anjumanlar juda xunuk tarzda o‘tardiki, bir-biriga qo‘shni davlatlar o‘zaro nizolashardi.

Hozir vaziyat o‘zgargan, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona siyosat olib borayapmiz. Balidagi yig‘inda qo‘shni davlatlardan ham delegatlar ishtirok etdi. 

Umuman olganda xalqaro tashkilotlarning barchasi bu munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekistonga nisbatan munosabati yaxshilanmoqda”,- deya O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top