00:32 / 18.09.2019
0
14469

Saudiya Arabistoniga hujumlar Eron janubidan amalga oshirilgan – CBS News 

Foto: Getty Images

Saudiya Arabistonidagi neft obektlariga hujumlar Eron janubidan dronlar va qanotli raketalar qo‘llangan holda amalga oshirilgan. Bu haqda Vashingtondagi manbalarga iqtibos keltirgan holda CBS News telekanali xabar berdi. O‘z navbatida, CNN telekanalining hujumning tergovi borishidan xabardor bo‘lgan manbasi ma'lumotlariga ko‘ra, raketalar Eronning Iroq bilan chegaradagi bazasidan amalga oshirilgan. 

CBS’ning ma'lum qilishicha, otilgan raketalardan kamida bittasi Kuvaytning havo hududi orqali uchib o‘tgan. Telekanal manbalarining tushuntirishicha, Saudiya Arabistoni havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari Yaman tomonga qaratilgani sababli dronlar va raketalarni urib tushira olmagan.

CNN manbasining ta'kidlashicha, dronlar va qanotli raketalar Iroqning janubiy qismi orqali AQSh va Saudiya Arabistonining radarlari eng ko‘p bo‘lgan Fors ko‘rfazini chetlab o‘tib past balandlikda uchgan. U ham raketalar Kuvayt hududini kesib o‘tganini tasdiqlagan.  

Neft obektlariga hujum uchun javobgarlikni yamanlik husiylar o‘z zimmasiga olganiga qaramay, AQSh hujumda Eronni ayblamoqda. Donald Trampning ta'kidlashicha, barchasi hujum ortida Eron turgandek ko‘rinmoqda. O‘z navbatida, Ar-Riyod hujum vaqtida Eron quroli qo‘llanganini aytgan. Rossiya esa AQShni “shoshqaloq xulosalar chiqarmaslikka” chaqirgan.

RBK nashrining Rossiya maxsus xizmatlariga yaqin manbasining ta'kidlashicha, hujum Saudiya Arabistonining past uchuvchi qanotli raketalardan emas, balki asosan jangovar samolyot va ballistik raketalardan himoyalovchi havo va raketaga qarshi hujumlari tizimini chetlab o‘tish uchun “ikki oqim” bilan amalga oshirilgan. Uning ta'kidlashicha, dastlab portlovchi moddasi bo‘lgan “dronlar to‘dasi” qo‘llanib, Saudiya Arabistonining radarlari boshqa yerga qaratilgan, so‘ngra qanotli raketalar bilan hujumning “ikkinchi oqimi” amalga oshirilgan.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top