15:50 / 21.09.2019
0
6047

Avtomashina olib qochgan shaxs qo‘lga olindi

2019 yil 19 avgust kuni soat taxminan 05:00da, noma'lum shaxs Bektemir tuman TXAY ko‘chasida joylashgan «Ma'mura Stom» MChJ binosi oldida eshiklari ochiq holatda qoldirilgan, fuqaro S.X.ga tegishli bo‘lgan «Matiz» rusumli avtomashinani olib qochgan. Bu shaxs tergovchilarning sa'y-harakatlari bilan qo‘lga olindi.

«Sodir etilgan mazkur jinoyat haqida kelib tushgan xabarga asosan, Bektemir tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining tergov-tezkor guruhi a'zolari zudlik bilan hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib borishgan va hodisa sodir bo‘lgan joy sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lgan dalillar to‘planishi natijasida olib qochilgan avtomashina shu kuni Chilonzor tuman 16-mavze hududidan texnik soz holatda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 19 avgust kuni Bektemir tuman IIO FMB 4-son IIB Tergov bo‘linmasi boshlig‘i kapitan N.Dushayev tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kapitan N.Dushayev va surishtiruvchi leytenant M.Hamidovdan iborat tergov guruhi tuzilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha kapitan N.Dushayev va leytenant M.Hamidov tomonidan har tomonlama, to‘la va xolisona olib borilgan dastlabki tergov davrida jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari hamda olib qochilgan avtomashinadan olingan barmoq izlarini tekshirish natijasida mazkur jinoyatni fuqaro R.O. sodir etgani aniqlanib, ushlangan», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabarida.

Dastlabki tergov jarayonida fuqaro R.O.ga nisbatan JKning 267-moddasi 1-qismi bilan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash hamda tegishli sudlovga yuborish masalasini hal qilish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top