12:23 / 21.09.2019
4
12066

To‘y-hashamlar o‘tkazilishini tartibga solishda erkaklar rolini kuchaytirish zarur – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

20 sentabr kuni Oliy Majlis Senatida «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror ijrosini ta'minlash yuzasidan hududlarda olib boriladigan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish masalasi yuzasidan muhokama o‘tkazildi.

Unda mas'ullar to‘y-hashamlar mavzusida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga alohida vazifa yuklanayotganiga alohida urg‘u berishdi.

«To‘y-hashamlar mavzusida, albatta, ayollarning ahamiyati katta. Shuning uchun bu borada o‘tgan yildan beri yaxshi targ‘ibot ishlari olib borildi», deya O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, ushbu qarorga norozi bo‘lishi mumkin tadbirkorlarga ham yechim berilayotgani, ya'ni ming kishilik to‘yxona qurgan odamlarga binosini mehmonxonaga aylantirish to‘g‘risida taklif berilayotgani ularning qarorga xayrixohligini oshiradi.

«Lekin joylarga borganda juda ko‘p savollarga javob berishga tayyor bo‘lib borishimiz kerak. Tahlil qila olishimiz kerak. Masalan, hech qachon mahalla posboni to‘yda ishtirok etayotgan odamlarni to‘yxonaga kirib sanay olmaydi. Buni xalq qabul qilmasligi ham tabiiy. Bu borada to‘y egasi – to‘yxona – mahalla hamkorligini kuchaytirish zarur bo‘lar», deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, Mukarram Nurmatova turli masalalar yuzasidan ko‘pincha asosiy o‘rinda xotin-qizlar turishi ta'kidlanishini, lekin tanganing ikkinchi tomoni ham borligini ta'kidlab o‘tdi.

«Aslida, biz ko‘p o‘rinlarda erkaklarning o‘rnini ham kuchaytirishimiz kerak. Masalan, bitta ko‘rsatuvning tasvirga olish jarayonida maktabgacha ta'lim tashkilotidan go‘sht olib qolgan ayol masalasi muhokama qilinib, qachon ayollarni tartibga chaqirasizlar, degan savollarni berishgandi. Lekin agar uyda bolalari ta'minlangan bo‘lsa, o‘sha ayol hech qachon bunaqa qilmaydi.

Islom dinida ham, zamonaviy yondashuvda ham erkaklarning o‘rni alohidaligini hisobga olib, ularning rolini oshirishga alohida e'tibor qaratish zarur», deya taklif berdi Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rinbosari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top