22:27 / 29.09.2019
1
36306

«O‘zbek ayollarining tandirda non yopishini ko‘rib, lol qoldim» - Kazerta shahri hokimi maslahatchisi

Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro «Anor» agrofestivali doirasida Shahrisabz va Italiyaning Kazerta shaharlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turizm sohasida hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida ikki kent vakillari ishtirokida memorandum imzolandi.

Ushbu nufuzli tadbirda qatnashayotgan “Kun.uz” muxbirining xabar berishicha, Kazerta shahridan kelgan o‘n nafardan iborat delegatsiya vakillari ham bir necha kundan beri bo‘layotgan festival mobaynidagi barcha tadbirlarda ishtirok etyapti.

Kazerta shahri ham Shahrisabz singari o‘zining tarixiy obidalari va madaniyati bilan Italiyaning yirik turistik hududi hisoblanadi. Shahar markazida XVIII asrda bunyod etilgan Napoliten qirollik saroyi betakrorligi va arxitektura jihatidan haligacha sayyohlarni o‘ziga maftun qilib kelmoqda.

«Avgust oyida Kazerta shahriga O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida tashrif buyurib, hokimlik vakillari bilan hamkorlik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash to‘g‘risida bitim imzolanishiga kelishib olgan edik. «Anor» festivali esa ikkala tarixiy shaharlarning turizm borasidagi munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi ilk qadam bo‘ldi. Kelgusida Italiyaning boshqa shaharlari bilan ham kelishuvlar olib borish niyatidamiz», dedi Qashqadaryo viloyati turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Otabek Olimjonov.

Kazerta shahri hokimi maslahatchisi Janluka Iannuchchi ham festivaldan olayotgan taassurotlarini so‘zlab berdi:

«Markaziy Osiyo yuragi hisoblangan O‘zbekiston haqida internet orqali ma'lumotga ega bo‘lsam-da, ammo bu yerga kelishni ko‘pdan buyon niyat qilardim. Yurtingizga amalga oshirgan ilk tashrifimdagi taassurotlarim cheksiz. Varganza qishlog‘ining anorlari, go‘zal tabiati va odamlarning mehribonligi unutilmas xotiraga aylandi.

Bu qishloqda yashovchi o‘zbek ayollarining tandirda non yopishiga guvoh bo‘lib, ochig‘i lol qoldim. Ta'mi ham mazali ekan. Shahrisabz va Kitob tumanlaridan olgan xulosalarim, xotiralarimni albatta, italiyaliklarga so‘zlab beraman. O‘zbekistonga tez-tez kelishni dilimga tugib qo‘ydim».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top