16:00 / 30.09.2019
5
60733

Iqbol Mirzo: Shuhrat G‘aniyev misolida bunday illat urchiyotganini tan olishimiz lozim

Bugun, 30 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevning masalasi ko‘rib chiqildi.

Unda so‘z olgan komissiya raisi, senator Iqbol Mirzo bunday holat boshqa hududlarda ham kuzatilishiga e'tibor qaratdi.

«Islohotlarimizdan bosh maqsad xalqimiz farovonligi, qadr-qimmatini yuksak tutish. Berilayotgan amnistiyalar, Suriyaga ketgan yurtdoshlarimizni qaytarib olib kelish kabi harakatlarning tag-zamirida insonga bo‘lgan hurmat yotadi. Bugungi majlisimiz ham shu islohotlar natijasi. Chunki men shu komissiya raisi bo‘lsam, birinchi marta bunaqa keng qamrovda majlis qilyapmiz. Hududlardan shikoyat bo‘lardi, tezda joyiga chiqib o‘rganib hal qilardik.

Bugungi yig‘inimizni ogohlik bongi, deb atashimiz mumkin. Chunki biz faqat Shuhrat Madaminovich to‘g‘risida emas, joylarda yig‘ilishlarda, selektorlarda haqoratli, dag‘dag‘ali gaplar to‘g‘risida ko‘p eshitamiz. Shu ma'noda bu urchigan, ildiz otgan illat deb qarashimiz lozim. Albatta, inson gapirayotgan paytida qizishib o‘zining asosiy gapidan, maqsadida chalg‘ib ketishi mumkin. Lekin baribir birinchidan hokim, ikkinchidan xalq vakili-kengash raisi, uchinchidan senator bo‘lgan odam bu gaplar Senat nomidan gapirilyapti deb talqin qilinishi, xalq vakili shu xalqni haqorat qilyapti, deb baholanishi mumkin, degan fikrni hech qachon nazardan qochirmasligi kerak. Komissiyaning barcha a'zolari Shuhrat Madaminovichning bu harakatlarini qattiq qoralashyapti, jiddiy chora ko‘rilsaki, bu boshqalarga ham ibrat bo‘lsa...», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, komissiya yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga bildirilayotgan tanqidlar to‘g‘riligini e'tirof etib, o‘zining aybini tan olgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan muhokamalar to‘g‘ri. Aybimni tan olaman. Har qanday jazoga loyiqman. O‘zimni oqlash uchun biror so‘z topa olmayman. Mening avlodim, ota-onam milliy liboslar kiyadi. O‘zim ham uyimda milliy libos kiyaman. Men aybdorman. Xalqdan va Prezidentdan kechirim so‘rayman. Imkon berilsa, chin dildan mehnat qilishga tayyorman», degan viloyat hokimi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top