21:40 / 30.09.2019
0
9424

Samarqandda o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan sayl va konsert o‘tkazildi

Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram sayli o‘tkazildi.

«Ustoz — qadri buyuk muallim!» shiori ostida o‘tgan saylda ko‘rgazmalar, taniqli san'atkorlar va jajji bolajonlarning konsert dasturlari namoyish etildi. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar tomonidan tayyorlangan zamonaviy ko‘rgazmalar namoyishi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham saylda ishtirok etib, ko‘rgazmali chiqishlarda qatnashgan o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

«Hozirda 80 yoshni qoralayotgan bo‘lsam, shu paytga qadar bugungidek ustozlarga ehtiromni ko‘rmaganman, — deydi faxriy o‘qituvchi, fizika matematika fanlari nomzodi Keldiyor Gadoyev. — Past Darg‘om tumanidagi 31-maktabni bitirgan qishloqdoshlarimiz orasida ko‘pchiligi o‘qituvchilik kasbini tanlashgan. Ulardan 13 nafari fan nomzodi, 6 nafari fan doktori. Saylni tomosha qilar ekanman, 42 yillik o‘qituvchilik faoliyatim, ustozlarim yodimga tushdi».

Kun bo‘yi davom etgan bayram saylidan so‘ng, kechqurun «Mo‘jiza» amfiteatrida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan viloyat bayram tadbiri tashkillashtirildi. Unda viloyat hokimi o‘qituvchilarni bayram bilan tabrikladi. Tadbir kuy-qo‘shiqlar bilan davom ettirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatidagi rahbarlar ustozlar va murabbiylar kuniga bag‘ishlab, she'r aytib chiqishgan edi.

 

O‘z muxbirimiz.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top