09:47 / 01.10.2019
2
22495

O‘zbekistondagi 4ta aeroportda «Ochiq osmon» rejimi ishga tushdi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning 1 oktyabridan “Buxoro”, “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi ishga tushdi.

O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini aviatashuvlar tizimida mavjud muammolarni yechish yo‘li orqali ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 1 oktyabridan “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” darajasini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinishi belgilangan.

“Ochiq osmon” rejimi bozorni xalqaro aviakompaniyalarga mamlakat aeroportlari va ularning quruqlikdagi xizmatlari uchun ochadi. “Ochiq osmon”ning asosiy tamoyillari nafaqat tranzit parvozlar uchun huquq taqdim etish, balki hukumatning marshrutlar hamda aviakompaniyalarning narx hosil qilish va belgilash jarayonlariga aralashmaslik, shuningdek samolyotlar va ularning quvvati turlariga doir cheklovlarning yo‘qligini ham anglatadi.

Jahon tajribasiga ko‘ra, “Ochiq osmon” siyosatining qo‘llanilishi yo‘lovchi tashuvlarini o‘rtacha 35 foiz (usiz 8 foiz)ga oshirish imkonini berdi. Bu shuningdek aviachiptalar narxini 20 foizdan 40 foizgacha pasaytirdi. Bundan tashqari, mazkur rejim o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Havo kengligidagi erkinlik fuqaro aviatsiyasining qator qoidalarini o‘zida jamlaydi va bu qoidalar bir mamlakat aviakompaniyasiga boshqa mamlakatning havo kengligiga kirish hamda uning hududiga qo‘nish huquqini beradi. Mazkur qoidalar 1944 yilgi “Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiya”da qayd etilgan aviatsiya liberallashuv darajasi bo‘yicha murosalar natijasida shakllantirilgan.

Endi aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinuvchi shaharlar bilan reyslarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor xorijiy aviakompaniyalar parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olish uchun Transport vazirligiga, slot uchun esa Uzbekistan Airports AJga murojaat qilishadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top