19:30 / 02.10.2019
0
18124

Valverde tavakkal qilmoqchi emas. YeChLda kun o‘yinlari anonsi

2 oktyabrdan 3 oktyabrga o‘tar kechasi Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida yana 8ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

H guruhi
Lillda to‘purarlar dueli

Lill — Chelsi
2 oktabr. Lill. «Per Morua» stadioni. 23.55 (Match Igra — 23.45).
Yo‘qotishlar
«Lill»: Vea (jarohat)
«Chelsi»: Loftus-Chik, Ryudiger, Emerson (barchasi — jarohat), Zuma, Kante (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Kulbakov (Belarus).

Valensiya — Ayaks
2 oktabr. Valensiya. «Mestalya» stadioni. 23.55 (Match Futbol 2 — 23.50).
Yo‘qotishlar
«Valensiya»: Gameyro, Pichchini, Soler, Xose Gayya (barchasi — jarohat), Garay (so‘roq ostida)
«Ayaks»: —
Hakam: Orsato (Italiya).

«Valensiya»ning yangi bosh murabbiyi Albert Selades YeChLning 1-turida safarda «Chelsi»ga qarshi kechgan o‘yinda Denis Cherishevni ilk daqiqalardanoq maydonga tashlagandi, shundan keyin ushbu havbek Ispaniya chempionatida ikki o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Uning o‘rnida yozda «PSJ»dan transfer huquqi 40 million yevroga sotib olingan Gonsalu Gedesh (portugaliyalik futbolchi o‘tgan mavsumni «Valensiya»da ijara asosida o‘tkazgandi) asosiy tarkibda harakat qildi, bu pozitsiyaga janubiy koreyalik yosh futbolchi Li Kan In ham da'vogarlik qiladi, shu tufayli «Mestalya»dagi o‘yinda Seladesning tanlovi qanday bo‘lishini topish qiyin.

«Mestalya»dagi o‘yinda «Valensiya»ning YeChLdagi debyutining 20 yilligi nishonlanadi. Bu o‘yin natijasi ko‘p narsani hal qiladi, o‘yinda g‘olib bo‘ladigan jamoa guruhda katta farq bilan yakkapeshqadamga aylanishi mumkin. 

Bu ko‘p jihatdan Lillda «Chelsi» qanday o‘yin ko‘rsatishiga ham bog‘liq. Frenk Lempard ko‘klar jamoasi tarixida YeChLdagi debyutini mag‘lubiyat bilan boshlagan ilk murabbiy bo‘ldi. U endi vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilishi tabiiy. Bu ishda unga jarohatini tuzatib safga qaytgan Kante yordam berishi mumkin. Bu o‘yindagi intrigalardan biri ikki jamoa safida ham mavsumni yorqin o‘tkazayotgan hujumchilar to‘qnashuvi - APLda to‘purarlar poygasida faqat Aguerodan ortda qolayotgan Abraham va Fransiya chempionatining eng yaxshi to‘purari Viktor Osimxen.

E guruhi
Norvegiyalik vunderkind «Enfild»da

Liverpul — Zalsburg
2 oktabr. Liverpul. Stadion «Enfild». 23.55 (Match Futbol 3 — 23.45).
Yo‘qotishlar
«Liverpul»: Klayn, Shachiri (ikkisi — jarohat), Alisson, Matip (so‘roq ostida)
«Zalsburg»: Bernede, Valke, Pongrachich (barchasi — jarohat)
Hakam: Ekberg (Shvetsiya).

Genk — Napoli
2 oktabr. Genk. «Lyuminus Arena» stadioni. 21.55 (Match Futbol 2 — 21.40).
Yo‘qotishlar
«Genk»: Vukovich (jarohat)
«Napoli»: —
Hakam: Kovach (Ruminiya).

Bu kvartetda diqqat markazidagi o‘yin «Enfild»da kechadi. Amaldagi chempionlar guruh bosqichi debyutantini sinovdan o‘tkazishadi. Taqdir hazilini qarangki, doimo saralash o‘yinlarida qoqiladigan «Zalsburg» YeChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani «Liverpul» o‘tgan mavsumda YeChL g‘olibi bo‘lgani tufayli qo‘lga kiritdi. Bu esa Avstriya chempionlarini ilhomlantirib yubordi va ular birinchi turda «Genk» himoyasini ilma-teshik qilishga qaror qilishdi - 6:2. YeChL tarixidagi eng yirik hisobli o‘yinlar qatoriga kirgan bu o‘yinda mezbonlarning norvegiyalik 18 yoshli hujumchisi Erling Holand birinchi bo‘limdayoq het-trik qayd etdi.

«Ho‘kizlar» jamoasining Yurgen Kloppga qarshi o‘yini ham tomoshabop bo‘lishi kutilmoqda, hamma «Zalsburg»ning skandinaviyalik vunderkindi jiddiy raqibga qarshi nima qila olishiga qiziqmoqda. Yana bir qiziqish - mehmonlar ustozi Jyessi Marshga, u Chempionlar ligasi tarixidagi ilk amerikalik murabbiydir. U ishga yondashuvida ham, so‘zlarida ham nostandartligi bilan ajralib turmoqda. «To‘g‘risi, futbolchilarga natija qanday bo‘lishining menga farqi yo‘qligini aytdim. Men maydonga chiqishimiz va o‘z futbolimizni namoyish etishimizni istayman», — dedi o‘yindan oldin Marsh.

Bu o‘yinda Matipning o‘ynamasligi nazariy jihatdan mehmonlarga yengillik tug‘dirishi mumkin. Yaqindagina Klopp tomonidan «Liverpul»ning so‘nggi yillardagi eng omadli xaridi deb ta'riflangan himoyachi jarohat olgan va bugun maydonga tushishi katta so‘roq ostida.

Umuman olganda, Liverpuldagi o‘yinda natijani oldindan aytib bo‘lmaydi, Ye guruhidagi ikkinchi o‘yin natijasi esa deyarli aniq. Harholda birinchi tur natijasidan kelib chiqqan holda shunday deyish mumkin, «Napoli» amaldagi chempionga qarshi namunaviy futbol namoyish etgan, «Genk» esa guruh bosqichining eng kuchsiz klublaridan biri ekani ko‘rinib qolgandi. Belgiyaning amaldagi chempioni yangi mavsumda ham ichki chempionatda ko‘ngildagidek o‘yin ko‘rsata olmayapti, so‘nggi turda «Sent-Tryuyden»ni qabul qilgan genkliklar 3:0 hisobida oldinda bora turib, raqib hisobni tenglashtirishiga yo‘l qo‘yishdi, ammo bu o‘yin yakuniga yetmay qoldi, raqib jamoa fanatlari tartibsizlik keltirib chiqargani tufayli o‘yin barvaqt to‘xtatildi. Endi «Genk»ga texnik g‘alaba yozilishi ham, o‘yin qaytadan o‘tkazilishi ham mumkin.

F guruhi
Messi bilan yoki usiz?

Barselona — Inter
2 oktabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni. 23.55 (Match Futbol 1 — 23.50).
Yo‘qotishlar
«Barselona»: U.Dembele, Yumtiti (ikkisi — jarohat), Jordi Alba, Messi (ikkisi — so‘roq ostida)
«Inter»: de Fray, Lukaku (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Skomina (Sloveniya).

Slaviya Pr — Borussiya D
2 oktabr. Praga. «Sinobo» stadioni. 21.55 (Match Futbol 1 — 21.40).
Yo‘qotishlar
«Slaviya» Pr: —
«Borussiya» D: Xits (jarohat), Shuls (so‘roq ostida)
Hakam: Kaypers (Niderlandiya).

Turning eng asosiy bahsi «Kamp Nou»da o‘tkaziladi, ammo «Barselona» ham, «Inter» ham hozirda yaxshi holatda emas. Kataloniyalik muxlislar Ernesto Valverdedan norozi, Pike esa mojaro markazida turibdi. «Barsa» xo‘jayinlari va rahbariyat xodimlariga, klub prezidenti Xosep Bartomeuga uning jamoa ichki muhiti bo‘yicha jurnalistlar bilan ochiq muloqot qilishi yoqmayapti. Jyerar jurnalistlarga shunday dedi: aynan rahbariyat OAVga futbolchilarga qarshi yo‘naltirilgan materiallarni buyurtma qilmoqda.

Bundan tashqari, Messi bugun o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida. Leo seshanba kuni kechqurun o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi, ammo Valverde argentinalik futbolchining sog‘ligi borasida tavakkal qilmoqchimasligini aytdi.

Ayni vaqtda «Inter»da o‘ynayotgan, «Atletiko»ning sobiq sardori Godin o‘yindan avval shunday dedi: Messisi bor «Barsa» va u yo‘q jamoa — turlicha ikki jamoadir.

Milanliklar klubida bir futbolchiga bog‘liqlik yo‘q, bu yerda jamoaviy o‘yin ustun, bu jamoa shunday o‘yin bilan A Seriyada qatorasiga olti o‘yinda g‘alaba qozondi. Lekin «Inter» Yevropa kampaniyasini o‘z uyida «Sparta» bilan durang o‘ynashdan boshladi (1:1), Antonio Konte shogirdlari bu o‘yinga qo‘shib berilgan. Endi qora-ko‘klar jamoasining ahvolini Lukaku jarohat olgani qiyinlashtirmoqda. Shu bilan birgalikda, bu milanliklarning boshqa bir hujumkor futbolchisi Aleksis Sanches uchun imkoniyatdir, u Italiyaga moslasha boshladi va endi o‘zining sobiq jamoasiga nimanidir isbotlashi mumkin.

G guruhi
Nemis «ho‘kizlari» inqirozdagi «Lion»ga qarshi

Leypsig — Lion
2 oktabr. Leypsig. «Red Bull Arena» stadioni. 23.55 (Match Futbol 2 — 00.00).
Yo‘qotishlar
«Leypsig»: Adams, Volf, Kampl (barchasi — jarohat)
«Lion»: Denayyer (jarohat), B.Traore (so‘roq ostida)
Hakam: del Sero Grande (Ispaniya).

Zenit — Benfika
2 oktabr. Sankt-Peterburg. «Gazprom Arena» stadioni. 23.55 (Match TV — 23.15).
Yo‘qotishlar
«Zenit»: Malkom (jarohat)
«Benfika»: Konti, Florentinu, Shikinyu, Ebuexi (barchasi — jarohat)
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).

«Lion» inqirozda. Mavsumni juda zo‘r boshlagan klubga balki Bruno Jyenezio ketgani (u o‘tgan mavsum yakunida klubni tark etib, Xitoyning «Beytszin Guoan» klubini boshqarishga yo‘l oldi) yomon ta'sir qilgandir. Uning o‘rnini egallagan Silvinoga, aftidan, o‘z ixtiyoridagi futbolchilardan foydalanish uchun g‘oyalar yetmayotganga o‘xshaydi. Lionliklar so‘nggi marta 18 avgust kuni g‘alaba qozonishgan, g‘alabasiz seriya yetti o‘yinga yetdi (=4-3).

Bu jihatdan «Leypsig»da vaziyat butkul boshqacha. Yangi mavsumdan «ho‘kizlar» jamoasini boshqarishga kelgan Yulian Nagelsmann futbolchilarni o‘ynata olyapti va natijalarga erisha olmoqda. Jamoaning ichki chempionatda shanba kuni «Shalke»ga mag‘lub bo‘lishi (1:3) — mavsumdagi birinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. Bungacha jamoa faqat bir marta ochko yo‘qotgandi, «Leypsig» «Bavariya» bilan durang o‘ynadi (1:1). Dam olish kunlarida ochko yo‘qotgan jamoa endi bundesligadagi peshqadamlikni boy berdi.

Nagelsmann so‘nggi o‘yindagi mag‘lubiyat unutilishi va futbolchilar navbatagi g‘alabalarga tayyorligi haqida gapirmoqda: «Bitta mag‘lubiyat bizni izdan chiqara olmaydi. Lekin boshqa tomondan raqib burchakka taqalganda hamisha xavfli bo‘ladi».

Umuman olganda, «Leypsig» murabbiyi optimist, uning hamkasbi esa «Lion» futbolchilari, agar talab qilinsa, maydonda 96 daqiqa davomida yugurishga tayyorligiga ishontirmoqda. Ammo bu hissiyot bilan aytilgan gap, amalda esa Silvino Denayyer jarohat olgani tufayli uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynashga majbur.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top