23:02 / 03.10.2019
2
13204

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi: I.Xasanova 3 marta ishdan bo‘shatilgan, 1 marta lavozimidan chetlatilgan

Joriy yilning 29 sentyabr kuni KUN.UZ sayti orqali “Iste'molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot rahbari 8 oy ichida 5 marta ishdan bo‘shatilib, 4 marta qayta tiklandi” nomli maqola e'lon qilingan edi.

Mazkur maqolaga nisbatan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan munosabat bildirildi.

Unda, Samarqand viloyat hududiy birlashmasi ijro etuvchi apparatining sobiq raisi I.Hasanova maqolada aytilganidek besh marotaba ishdan bo‘shatilgan emas, balki uch marta ishdan bo‘shatilgani, bir marotaba lavozimidan vaqtincha (fuqarolik ishi kassatsiya instansiyasida ko‘rilgunga qadar) chetlatilgani aytiladi.

Shuningdek munosabatda Federatsiya rahbariyati tomonidan I.Hasanovaga uning pensiya yoshida ekanligiga qaramay, tizimdagi uzoq yillik faoliyatini inobatga olib, Federatsiya tizimidan hududiy birlashma ijrochi direktorligi va Samarqand shahar jamiyati raisi lavozimlari taklif qilinganligi ta'kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, I.Xasanovaning oxirgi marta (19.08.2019y.) ishdan bo‘shatilishiga oid holat O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ham o‘rganib chiqilgan. Vazirlikning I.Xasanovani ishga tiklash to‘g‘risidagi yozma ko‘rsatmasiga nisbatan Federatsiya tomonidan kiritilgan da'vo ariza sudda ko‘rib chiqilmoqda

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top