18:12 / 03.10.2019
0
4536

O‘zbekiston Turkiy kengashga a'zo davlatlar bilan an'anaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda

Alisher A'zamxo‘jayev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 3 sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammiti faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari sammitda so‘zlagan nutqida “xalqlarimizni o‘xshash til, mushtarak ma'naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emas”ligini qayd etdi. “Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta'lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston Prezidenti sammitda mamlakatimizning “Turkiy kengashga a'zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshgani”ni e'tirof etib, “bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkin”ligini ta'kidladi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi va O‘zbekiston ushbu xalqaro tuzilma doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini, uning “kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini” aytib o‘tdi.

O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda yana bir muhim va tarixiy qadam tashladi. Joriy yil sentabr oyida mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘laqonli a'zo bo‘lib kirishiga qaratilgan huquqiy-diplomatik jarayon boshlab yuborildi. Buning uchun mazkur xalqaro tashkilotni tuzishda bundan o‘n yil oldin huquqiy asos bo‘lib xizmat qilgan Naxichevan xalqaro shartnomasiga qo‘shilishimiz lozim edi. Ushbu bitimning qoidalariga binoan, unga qo‘shilmoqchi bo‘lgan mamlakat tegishli ravishda unga a'zo davlatlarga murojaat qiladi va rozilik olingandan keyin ratifikatsiya bilan bog‘liq ichki protseduralarni amalga oshirib, maxsus rasmiy ma'lumotni mazkur shartnomaning depozitariysiga topshiradi. Depozitariyda murojaat ijobiy qabul qilinganidan so‘ng shartnoma 30 kundan keyin kuchga kiradi. O‘zbekiston bunday murakkab siyosiy-huquqiy jarayonni juda qisqa muddatda tamomladi. Bunda mamlakatimizning salohiyati, davlatimiz rahbarining obro‘-e'tibori, qat'iy siyosiy irodasi, tomonlarning o‘zaro do‘stona munosabatlari, mushtarak manfaatlari uyg‘unligi hamda faol diplomatik chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi.

Natijada, hattoki, xalqaro munosabatlar tarixida yangi bir “rekord” - pretsedent shakllantirildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir davlatning xalqaro tashkilotga kirishi uchun ushbu tuzilmaga a'zo davlatlarning barchasidan sanoqli soatlarda rasmiy rozilik olinib, asosiy shartnomaga qo‘shilish jarayoni boshlandi. O‘zbekiston ham jarayonning o‘ziga tegishli qismini qisqa muddatlarda nihoyasiga yetkazdi: Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14 sentabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini imzoladi. O‘sha kuniyoq mazkur Bitim depozitariysi bilan tegishli muzokara va rasmiy yozishmalar amalga oshirilib, shartnomaning O‘zbekiston uchun 30 kun ichida kuchga kirishi ta'minlandi. Natijada, mamlakatimiz joriy yilning 15 oktyabr kuni Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashida to‘laqonli a'zo davlat sifatida ishtirok etadi.

Bu tarixiy qadam tashqi siyosatimizning yutuqlaridan biri bo‘lib, yurtimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, suverenitetimizning asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan davlat bayrog‘imiz yana bir xalqaro tashkilotda hilpirab turishi ta'minlandi. Ikkinchidan, O‘zbekiston suveren davlat, xalqaro munosabatlarning to‘laqonli sub'yekti sifatida o‘z tashqi siyosatida yangi bir yo‘nalish ochdi, yangi bir tuzilmada o‘z ovoziga ega bo‘ldi. Uchinchidan, Markaziy Osiyo va undan ham kengroq makromintaqada faoliyat ko‘rsatayotgan muhim xalqaro tashkilotlardan birining boshqaruvida, uning kun tartibini, kelajagini, ustivor yo‘nalishlarini belgilashda bevosita ishtirok etish huquqiga musharraf bo‘ldik. To‘rtinchidan, xalqimizning milliy o‘zligi, tarixi, tili va turkiy kelib chiqishi bilan bog‘liq azaliy qadriyatlari hamda qo‘shni va uzoq qardosh mamlakatlar bilan do‘stona aloqalari qo‘shimcha vositalar bilan mustahkamlandi. Beshinchidan, mazkur xalqaro tashkilotga aloqador bo‘lgan a'zo va kuzatuvchi davlatlar hamda qator tuzilmalar bilan nafaqat ikkitomonlama, balki ko‘ptomonlama formatda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligimizni rivojlantirish imkoniyatini qo‘lga kiritdik. Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ba'zi sohalarda, masalan, strategik muhim ahamiyatga molik bo‘lgan xalqaro tranzit, xalqaro transport, ekologiya kabi qator yo‘nalishlarda ikkitomonlama aloqalar aslo yetarli emas, ko‘ptomonlama mexanizmlar bunday jarayonlarda ajralmas va muqarrar qo‘llaniladigan vositalardir.

O‘zbekiston Turkiy kengashga endi a'zo bo‘layotgan bo‘lsada, aytish mumkinki, bu tashkilot va unda ishtirok etayotgan davlatlar uchun yangi hamkor emas. Shu munosabat bilan, ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning mazkur tashkilot bilan aloqalari tezkor tarzda rivojlanib har ikki tomonning manfaatlariga to‘la xizmat qiladi.

O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida, avvalambor, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi.

Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga alohida e'tibor qaratish tashkilotning muhim vazifalaridan biri bo‘lishi kerak.

Tashkilot doirasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar borligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash esa xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishini ham muhim ijobiy omil, deb bilamiz.

Shu o‘rinda aytish joizki, bu yo‘nalishlarda hamkorligimiz jadal sur'atlarda rivojlana boshladi. Bunga amaliy misollardan biri sifatida joriy yil 5 oktabr kuni Toshkentda Turkiy kengashga a'zo va kuzatuvchi davlatlarning Tadbirkorlar kengashi va Investitsion biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun turkiy tilli davlatlardan 300 dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari yurtimizga tashrif buyuradi, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro mushtarak manfaatlar asosida ikkitomonlama va ko‘ptomonlama loyihalar yuzasidan muzokaralar olib boradi.

Yana bir misol - bu Xiva shahrining 2020 yil “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti”, deb e'lon qilinishi, bu yo‘nalishda qator qo‘shma madaniy tadbirlar amalga oshirilishi kutilayotganidir. Bu esa mamlakatimizga turkiy dunyodan kelayotgan sayyohlar sonini yanada oshirish, O‘zbekistonning tarixi, madaniy merosi, o‘sib borayotgan turizm sohasidagi salohiyatini keng jahon afkor ommasiga tanitishda alohida ahamiyatga molik tadbirlardan biridir. Shu o‘rinda e'tirof etish lozimki, bugungi kunda O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlarning eng ko‘p qismi aynan turkiy dunyodan kelmoqda, ayniqsa, “ziyorat turizmi” yo‘nalishida Turkiy kengashga a'zo davlatlar sayyohlari birinchi o‘rinda turibdi.

Ishonchimiz komilki, joriy yil 15 oktabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy kengashning navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvida O‘zbekistonning to‘laqonli a'zo-davlat sifati ishtirok etishi birodar xalqlarimizning farovonligi, ravnaqi yo‘lida rivojlanib borayotgan an'anaviy do‘stlik, keng qamrovli hamda uzoq muddatli hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda yana bir tarixiy voqea bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, bu ham O‘zbekiston, ham Turkiy kengash uchun birday muhimdir.

Alisher A'zamxo‘jayev,
O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi,
“Dunyo” AAdan qisqartirib olindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top