15:01 / 03.10.2019
0
28771

Van Deykni ham bolalarcha aldash mumkin. «Enfild»dagi «telbalik» va YeChLning boshqa o‘yinlari 

3 oktyabrga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasining guruh bosqichi 2-turi doirasida yana 4ta guruhda 8ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.

H guruhi
Lempard bolalarining muvaffaqiyati

Lill — Chelsi — 1:2 (Osimxen, 33 — Abraham, 22. Villian, 77).

Frenk Lempard ishonch bildirayotgan yoshlar natija keltirishda davom etmoqda. U o‘zi bilan birga «Derbi»dan olib kelgan Tomori o‘tgan mavsumda bekorga chempionshipning eng yaxshi futbolchisi bo‘lmaganini isbotlamoqda. U YeChL o‘yinida o‘tgan mavsumda chempionshipning eng yaxshilaridan biri bo‘lgan yana bir futbolchi Abrahamni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi. Bu 22 yoshli to‘purar hujumchining tug‘ilgan kuniga sovg‘a bo‘ldi, deyish ham mumkin.

O‘z navbatida «Lill» ham yangi talantlarni kashf etishdan to‘xtamayapti. Fransuzlarning yangi iqtidori Luiz Araujuning zarbasi faqatgina Kepaning mahorati tufayli golga aylanmay qolgan bo‘lsa, darvozabon mezbonlarning boshqa bir hujumchisi, Fransiya chempionatining joriy mavsumdagi eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Osimxenning zarbasi qarshisida ojiz qoldi. Lempard jamoasining zaif nuqtasi - himoya chizig‘i bo‘lib qolmoqda: uning boshqaruvidagi o‘yinlarning atigi 22 foizidagina jamoa darvoza daxlsizligini saqlay olgan.

Ammo ikkinchi bo‘limda tajriba yoshlikdan afzalligi o‘z isbotini topdi. Shu kuni «Chelsi» safida yubiley - 300-o‘yinini o‘tkazgan Villian uzoq masofadan havodagi to‘pni to‘xtatmasdan bergan zarbasi bilan o‘yin taqdirini hal qildi. Gazonga sapchib yo‘nalishini o‘zgartirgan bu zarbaga qarshi tajribali darvozabon Manyama hech narsa qila olmadi. O‘yinning qolgan daqiqalarida Kepa yana bir necha bor mahoratini namoyish etishiga to‘g‘ri keldi, vaziyatlardan birida u Osimxenning oyoqlari ostidagi to‘pni olib qo‘ydi, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida esa o‘z xatosi tufayli xavfli tus olgan hujumni to‘xtatdi-yu Lempardda turnirdagi ilk g‘alaba!

Valensiya — Ayaks — 0:3 (Ziyosh, 8. Promes, 34. van de Bek, 67).

Mezbonlar murabbiyi Denis Cherishev yoki Li Kan Inni emas, Gonsalu Gedeshni o‘yinning ilk daqiqalaridan maydonga tushirdi. Lekin aynan uning qanotidan uyushtirilgan hujum gol bilan yakunlandi. «Ko‘rshapalaklar» himoyachilari Ziyosh uzoq masofadan qanday zarba bera olishini unutgan ko‘rinishadi.

Gedesh keyinroq raqib jarima maydonida Alvaresni o‘ziga nisbatan fol ishlatishga majbur qildi, ammo jamoa penaltisti Dani Parexo 11-metrli jarima zarbasini shunday ijro etdiki, qarshisida futbol emas, regbi darvozasi turgandek. Javob o‘zini ko‘p kuttirmadi, safga qaytgan van de Bek Ispaniyadagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin o‘z vatanida yana yorqin o‘yin ko‘rsata boshlagan Kuinsi Promesni golli pas bilan ta'minladi. «Ayaks»dagi debyut mavsumida YeChL startida qatorasiga ikki o‘yinda gol urgan bu futbolchi Rafael van der Vart va Yari Litmanenning rekordini takrorladi.

«Valensiya» esa o‘z imkoniyatlarini ko‘kka sovurishda davom etdi. Rodrigo bir necha metr masofadan turib darvoza ustunini nishonga oldi, keyingi vaziyatda Ziyoshning zarbasi ham darvoza to‘sinidan qaytgani unga taskin bermagani aniq. Ispanlar tanaffusdan keyin ham omad qushini o‘z boshlariga qo‘ndira olishmadi. Onana rikoshetlardan keyin ikki marta to‘pni qaytardi va hafta darvozabonlari haftaligida o‘ziga joy kafolatladi. Keyin esa Tadich hech kim kutmagan vaziyatda orqacha turib van de Bekni raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqardi - 3:0.

N guruhi turnir jadvali

G guruhi
Silvino Nagelsmanni dog‘da qoldirdi

Leypsig — Lion — 0:2 (Depay, 11. Terre, 65).
So‘nggi bir yarim oy davomida g‘alaba neligini bilmagan «Lion» Leypsigda uyg‘ondi. Depay raqib himoyachilari jarima maydoni ichida yo‘l qo‘ygan xatodan unumli foydalandi. Raqibning ishongan hujumchisi Timo Verner esa yakkama-yakka vaziyatda darvozabonni aldab o‘ta olmadi, keyin Marselo Poulsenning takroriy zarbasini darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yubordi.

Yulian Nagelsmann jamoasi vaziyat ketidan vaziyat yaratishdi, lekin himoyada juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Mukiyele Terrega to‘pni sovg‘a qilgach, mehmonlar hisobdagi ustunligini oshirishdi. Umuman olganda, Fransiya chempionatidagi natijalar tufayli tanqid ostida qolgan Silvino germaniyalik hamkasbini tuzoqqa tushirdi. U o‘yin oldidan Denayyer yo‘qligi tufayli uch nafar himoyachi bilan o‘ynash ilojsiz ekanini aytgandi, ammo mehmonlar aynan shu sxemada maydonga tushishdi va raqibning maydondagi joylashuvini aynan takrorlashdi.

Zenit — Benfika — 3:1 (1:0)
Gollar: Dzyuba, 22 (1:0). Ruben Diash, 70 — avtogol (2:0). Ozmun, 78 (3:0). Raul de Tomas, 85 (3:1).

Inqirozdan chiqib keta olmayotgan «Benfika» kutilganidek «Gazprom Arena»da yutqazdi. Faqat o‘yin oxirida mezbon himoyachilarning qo‘pol xatosi portugallarni yirik mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Endilikda piterliklar guruh peshqadamligini qo‘lga olishgan.

G guruhi turnir jadvali

F guruhi
Dortmundda to‘purar himoyachi

«Barselona» — «Inter» (2:1) o‘yini haqida — bu yerda

Slaviya Pr — Borussiya D — 0:2 (Hakimi, 36, 89).

Pragaliklar hozircha mavsum kashfiyoti bo‘lib turishibdi. Birinchi turda ular «San-Siro»da «Inter»ni mag‘lub etishlariga bir baxya qolgandi (1:1). Endi esa Germaniyaning eng yaxshi ikki jamoasidan biriga qarshi tengma-teng o‘yin ko‘rsatishdi. Bu o‘yin davomida «asalarilar» o‘z jarima maydonlariga qamalib olgan vaqtlar ham bo‘ldi, chexlar ikki bor birga-bir vaziyatdan foydalana olishmadi.

Ammo Dortmund shunday jamoaki, unda hatto himoyachilar ham kichik shedevrlar qilishga qodir. Hakimi raqibga bosim o‘tkazib, to‘pni egallab olgach raqib jarima maydoniga yorib kirib, himoyachilardan birini bir harakat bilan yo‘ldan olib, darvozabonni emaklatib aldab gol urishiga shunday ta'rif bersa bo‘ladi.

Bunga qadar «Borussiya» Chempionlar ligasida 307 daqiqa davomida gol ura olmay kelayotgandi va marokashlik legioner «asalarilar»ning golsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Lyusen Favr Ashraf Hakimining imkoniyatlariga to‘g‘ri baho bergan holda uni oldinroqqa chiqardi, u ikkinchi bo‘limda yana Brandtning uzatmasini qabul qilib olib oldinga yugurdi va to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tkazib dublni rasmiylashtirdi.

F guruhi turnir jadvali

Ye guruhi
Kloppni asabiylashishga majbur qilishdi

Liverpul — Zalsburg — 4:3 (Mane, 9. Roberson, 25. Saloh, 36, 69 — Xvan Xi Chxan, 39. Minamino, 56. Holand, 60).

«Enfild»dagi o‘yin kutilganidek boshlangandi: Mane shu kuni tug‘ilgan kunini nishonlayotgan Roberto Firmino bilan devor uslubida harakat qilib, sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi. Bu goldan keyin mersisaydliklar yevrokuboklardagi qatorasiga 12-uy g‘alabasiga osongina erishishi aniqdek edi.

Ikkinchi golli kombinatsiya yanada chiroyli chiqdi. Roberson hujumni o‘zi boshlab, o‘zi yakunladi, ikkinchi qanot himoyachisi Aleksandr-Arnold golli pas muallifi. Ko‘p o‘tmay Saloh hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi va Chempionlar ligasidagi gollari soni bo‘yicha Maneni yana ortda qoldira boshladi (17-15). Oldinda faqat mazkur yevrokubokda 21 bor raqiblar darvozasini aniq nishonga olgan afsonaviy Stiven Jyerrard qoldi.

«Zalsburg» tanaffusga qadar bitta javob golini urdi va «Enfild»da turnirning o‘tgan mavsumi boshidan buyon gol urgan ilk jamoa bo‘ldi. Mehmonlarning janubiy koreyalik forvardi Xvan Xi Chan bitta chalg‘ituvchi harakat bilan xuddi o‘smir bolani aldagandek jahonning eng yaxshi himoyachisi van Deykni gazonga yiqitdi va keyin to‘pni osonlik bilan darvoza to‘riga joyladi.

Ikkinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqaligida avstriyaliklar jamoasi «Liverpul»ni hisobda quvib yetishga ulgurdi. Birinchi gol muallifi boshqa bir osiyolik hujumchi Takumi Minaminoni golli pas bilan ta'minladi. Besh daqiqa o‘tib yaponiyalik futbolchining o‘zi endi assistent rolida - u qanotdan tashlab bergan to‘pni o‘tgan tur qahramoni, «Genk» darvozasini uch bor ishg‘ol qilgan norvegiyalik Erving Holand bo‘sh qolgan darvozaga kiritib qo‘ydi. Chempionlar ligasida to‘rtta zarba va to‘rtta gol - aql bovar qilmas statistika! «Liverpul» o‘z maydonida bu darajadagi jamoadan uchta gol o‘tkazishi esa haqiqiy fantastika!

Uchinchi golni nishonlash chog‘ida mehmon muxlislar tribunasi qarshisiga mehmonlar murabbiyi Jyessa Marsh ham yetib keldi. Bu vaqtda kameralar Klopp va uning shogirdlarining bo‘zargan qiyofalarini ham ko‘rsatishga ulgurdi.

O‘yinda mezbonlar safida Matipning yo‘qligi bilinib qoldi, uning o‘rnida harakat qilgan Gomez esa shu kuni jamoaning eng kuchsiz nuqtasi edi. 

«Liverpul» maydonida so‘nggi marta bunday surbetlikka 2014 yili «Real» futbolchilari qodir bo‘lishgandi. Undan oldinroq «Barselona» va «Chelsi» «Enfild»da uchtadan gol ura olgan. Lekin bu top-klublar qayerda-yu, «Zalsburg» qayerda?! O‘yinning so‘nggi qismida himoyachilar to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘yishganidan keyin Muhammad Saloh o‘yin taqdirini hal qilgan golni urgan bo‘lsa-da, Jyessi Marsh o‘z jamoasi bilan faxrlanishi mumkin. Avstriya chempionlari ishtirokidagi ikki o‘yinda jami 15ta gol urildi, bu jamoa o‘yinlarini endi hech kim o‘tkazib yubormasa kerak.

Genk — Napoli — 0:0.

Genkdagi o‘yin natijasi — tur sensatsiyasi bo‘ldi. Turnirni Zalsburgda 2:6 hisobida mag‘lub bo‘lish bilan boshlagan belgiyaliklar favorit jamoaga qarshi tura olishdi. Umuman olganda, «Genk» uchun bu yuksak natija ham emas. Bu jamoa so‘nggi bor YeChLning guruh bosqichida 8 yil muqaddam ishtirok etgan, o‘shanda bu jamoa safar o‘yinlarida kurashsiz taslim bo‘lgan bo‘lsada, o‘z maydonida «Valensiya», «Bayyer» va «Chelsi» bilan kechgan o‘yinlarda yutqazmagandi. Neapolitanliklar esa qatorasiga uchinchi mavsumda Chempionlar ligasida safar o‘yinlarida zafar qucha olishmayapti (=3-4).

Ye guruhi turnir jadvali

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top