17:32 / 04.10.2019
0
9514

DXX Qirg‘izistondan olib kirilgan giyohvand moddalarni musodara qildi

Illyustrativ foto

DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1989 yilda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan N.I. 6 kg. 318 gr. «gashish» giyohvandlik moddasini Farg‘ona viloyatiga olib ketayotgan vaqtida Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida qo‘lga olindi. 

DXX matbuot xizmatining  xabar berishicha, N.I. Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatiga borib, tanishlaridan mazkur giyohvand moddani 13200 AQSh dollariga sotib olishga kelishib, shundan 2000 AQSh dollarini ularga beradi va og‘uni Andijon viloyati hududida qabul qilib olganidan so‘ng, yana 3000 AQSh dollari berib yuborishini, pulning qolgan qismini esa giyohvandlik moddasini sotganidan so‘ng berishini aytadi.

Oradan ma'lum vaqt o‘tgach N.I. hamtovog‘i, 1985 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Sh.M. orqali 2900 AQSh dollarini qirg‘izistonlik tanishlariga berib yuboradi. 

Shundan so‘ng, kontrabanda yo‘li bilan Andijon viloyati hududiga olib kirilgan «gashish» giyohvandlik moddasini qabul qilib oladi.

Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbiri jarayonida Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi, 1981 y.t. N.G‘., 1982 y.t., M.Q. va Asaka shahrida yashovchi, 1982 y.t. S.T. qo‘lga olinib, ulardan jami 616 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top