10:00 / 05.10.2019
3
23335

Po‘lat Bobojonov rossiyalik general-leytenant Oleg Baranovga taklif bilan chiqdi

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov yurtimizga tashrif buyurgan Rossiya IIV delegatsiyasi a'zolarini qabul qildi.

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi IIVning Moskva shahri bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i, politsiya general-leytenanti O.Baranov, Rossiya Ichki ishlar vaziri yordamchisi, politsiya polkovnigi Irina Volk hamda Rossiya IIVning O‘zbekistondagi rasmiy vakili, politsiya polkovnigi Ye.Fedotov ishtirok etdi.

Vazir Po‘lat Bobojonov muloqot chog‘ida, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi samarali hamkorlik aloqalari mustahkam va keng istiqbolga ega ekanini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, mamlakatimizda, jumladan, ichki ishlar organlarida olib borilayotgan keng miqyosli islohotlar, ijtimoiy yangilanishlar haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri yaqin kelajakda MDH davlatlari Ichki ishlar vazirlari kengashiga MDHga a'zo davlatlarning poytaxtlardagi ichki ishlar organlari va politsiya rahbarlari yig‘ilishi kabi formatni yaratish, birinchi majlisni esa Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida taklif kiritilishi rejalashtirilayotganini bildirdi. 

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Moskva shahrida amalga oshirilayotgan yangilanishlar bo‘yicha Rossiya tajribasini o‘rganish zarurati, poytaxt mintaqasining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, Moskvaning markaziy hududlaridagi xiyobonlar, piyodalar yo‘laklarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar alohida qayd etib o‘tildi. «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz hovli», «Xavfsiz maktab» kabi loyihalar, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va metro qurilishiga innovatsion yondashuv, aholining fuqarolik faolligini oshirishga qaratilgan tadbirlar, shuningdek, nafaqat Moskva shahrida, balki Rossiyaning boshqa hududlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar alohida ahamiyatga egaligi e'tirof etildi.

Vazir Rossiya Federatsiyasi IIVning Jamoatchilik va OAV bilan ishlash xizmatlari faoliyatiga yuqori baho berdi va Rossiya delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Matbuot xizmati xodimlari uchun yuqori tashkilotchilik va professional darajada o‘tkazilgan mahorat darslari uchun Irina Volkka samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘z o‘rnida, Rossiya Federatsiyasi IIVning Moskva shahri bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i, politsiya general-leytenanti O.Baranov iliq va samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishni o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri, deya qayd etdi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top