14:30 / 07.10.2019
4
16198

Muzrabotda do‘konlar buzildi – hokimlik kompensatsiya to‘lamayapti

O‘nlab do‘konlar hech qanday ogohlantirishsiz buzib tashlangani aytilmoqda.

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidan bir guruh tadbirkorlar murojaat yo‘lladi. Murojaatda tuman markazidagi do‘konlar hokim buyrug‘i bilan buzilgani, kompensatsiya puli esa berilmayotgani haqida so‘z yuritiladi.

Masalani o‘rganish uchun Muzrabotda bo‘ldik va tadbirkorlarning e'tirozlarini tingladik.

«Tumandagi «Yangi hayot» mahallasi hududidagi xususiy do‘konlarimiz «Obod markaz» dasturi amalga oshirilishi munosabati bilan hokimlik tomonidan buzdirildi. Bizga hech qanday ogohlantirish xati ham berilmadi. Bir oy ichida bu ishlar bo‘lib ketdi.

Oradan uch oydan ziyod vaqt o‘tdi, ammo xususiy mulkimiz o‘rniga yer ham taklif etilmayapti, kompensatsiya puli shu kunga qadar to‘lab berilgani yo‘q. Kundan kunga narxlar oshmoqda. Do‘konlarimizni baholatgan bahosi qadri pulimizni olmasdan tushib boryapti.

Barchamizda mulk huquqini tasdiqlaydigan va kadastr hujjatlari bor. Biz tuman markazi yanada obod bo‘lishiga qarshi emasmiz, faqat yetkazilgan zararni qoplab berishsin», — deydi biz bilan suhbatda tadbirkorlar.

Shundan so‘ng hududni ko‘zdan kechirdik. Tuman markazida «Obod markaz» dasturi asosida olib borilayotgan obodonlashtirish va qurilish ishlari avjida. Tadbirkorlarning buzilgan do‘konlari o‘rniga ham obektlar qurilmoqda.

Tadbirkorlardan buzilish haqida ogohlantirish bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘radik. Ularning ta'kidlashicha, hech kim buzilishlar haqida ogohlantirilmagan ekan. Kelishuv bitimlari do‘konlar buzilganidan so‘ng ancha vaqtdan keyin rasmiylashtirilgan. Ammo barcha tadbirkorlar bilan ham bunday kelishuv tuzilgan emas.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib, uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan.

Tadbirkorlarning fikriga ko‘ra, tuman hokimligi mutasaddilari qarorda ko‘rsatilgan tartibga amal qilishmagan va tadbirkorlarning huquqini ochiqchasiga buzishgan.

Qolaversa, Prezidentning 2018 yil 8 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining 2-bandida 2018 yil 1 sentyabrdan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Shuningdek, yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar hamda inshootlar buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi qayd etilgan.

Biroq Muzrabotda tadbirkorlarning xususiy mulklari buzilishida qonun hujjatlarining mazkur talablariga rioya etilganligiga guvoh bo‘lmadik.

Masalaga oydinlik kiritish uchun Muzrabot tuman hokimligida bo‘ldik.

Shu kuni tuman hokimi Erkin Alimov bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu masala yuzasidan uning qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ahmad Yo‘ldoshev bilan bog‘lanib, izoh so‘radik.

«Tumanda «Obod markaz» dasturi asosida loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan ko‘p obektlar, tadbirkorlar do‘konlari buzilgan. Ularning xususiy mulklari baholangan. Kompensatsiya masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan viloyatda jamg‘arma tashkil etilgan va shu jamg‘armadan to‘lanishi belgilangan. Biz takliflarni berganmiz», — deydi A.Yo‘ldoshev.

Ammo tuman hokimi o‘rinbosari tadbirkorlarga kompensatsiya pullari qachon to‘lab berilishi, muammo qachon yechim topishi yuzasidan aniq javob bermadi.

Shuningdek, bu jarayon nega qonunchilikka rioya qilmagan holda olib borilayotgani, tadbirkorlar huquqlari buzilayotgani, nega ular vaqtida ogohlantirilmagani yuzasidan savollarimizga ham yetarli javob ololmadik.

Qayta qurish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yaxshi, albatta. Shahar-u qishloqlarning ko‘rkam va obod bo‘lishi har jihatdan mamlakat imijini oshirishga xizmat qiladi. Ammo bu kimgadir zarar yetkazilishi, tadbirkorlarning huquqlari poymol etilishi evaziga amalga oshirilmasligi lozim.

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga kelgan muammoni tegishli vazirlik va idoralar bee'tibor qoldirmasligiga umid qilamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top