14:20 / 07.10.2019
3
23293

Timur Ishmetov: «Iqtisodiyotdagi dollarlashuv avvalgi iqtisodiy siyosatning natijasi»

Iqtisodiyotdagi dollarlashuv aholining milliy valutaga nisbatan ishonchi kamligi, avvalgi iqtisodiy siyosatning natijasidir. Bu haqda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov The Uzbek Review’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Valuta bo‘yicha ko‘plab cheklovlar, umuman, pul muomalasidagi cheklovlar barcha iqtisodiy agentlarning pulni imkon qadar dollarda to‘plashi, qarzlarni dollarda jalb qilishi va tranzaksiyalarni dollarda amalga oshirishiga olib keldi. Sababi, bu ishonchli va qulay bo‘lgan. Yuqori inflatsiya biznes va aholini operatsiyalarni xorijiy valutada amalga oshirishiga turtki beradi”, - deydi T. Ishmetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiyaning o‘zi makroiqtisodiy siyosat natijasidir.

“Avvalgi iqtisodiy siyosat davlat tomonidan turli narxlarni ushlab turishga asoslangandi. Barcha sohada narxlar davlat tomonidan tartibga solingan. Bundan tashqari, iqtisodiyotning istalgan tarmog‘ida xatarlar cheklovlarni joriy etish bilan boshqarilgan. Ya'ni, qandaydir operatsiya xatari bo‘lsa, unda bu bilan ishlash o‘rniga shunchaki taqiqlab qo‘yilgan”, - dedi u.

Ishmetovning aytishicha, yuqori inflatsiya aholi real daromadlarini “yutib” yuboradi.

“Yuqori inflatsiya holatida biznes ishini rejalashtirishda qiynaladi. Inflatsiyani past darajada saqlab turish o‘ta muhim, bu iqtisodiy siyosatning birinchi galdagi vazifasi. Inflatsiya aholining o‘rta qatlamiga eng katta zarba beradi, katta tadbirkorlar esa buni unchalik sezmasligi ham mumkin”, - deydi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top