12:20 / 08.10.2019
0
7831

Avtobus isitish tizimi ichiga yashirilgan mahsulotlar fosh etildi

Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, aksiz markasiz yoxud boshqa davlatlarning aksiz yorlig‘iga ega bo‘lgan tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishini oldini olish bojxona organlari zimmasiga yuklangan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishiga va ichki hududda noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Shunga qaramay bu kabi holatlar hali hamon uchrab turibdi.

Jumladan, “Oybek” chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro E.F. boshqaruvidagi “Volvo FH 12” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Natijada,  avtomashina yukxonasida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 40 quti tamaki mahsulotlari yashirincha olib kirilayotganligi aniqlandi. 

Shuningdek, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan mazkur postga kirib kelgan “YUTONG” rusumli avtobus bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning salonidagi isitish tizimi ichida fuqaro I.M. ga tegishli bo‘lgan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma'lum qilinmagan, qiymati 15 million so‘mlik jami 500 quti elektron tamaki mahsulotlarini qo‘shni davlatdan yashirincha olib kirilayotgani aniqlandi.

Yana bir holatda mazkur post xodimlari tomonidan qo‘shni davlatga o‘tish uchun kelgan fuqaro Z.U. boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning yukxonasi qoplamasi  ostida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan qiymati 11,4 million so‘mlik jami 380 quti elektron tamaki mahsulotlari yashirilganligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top