16:30 / 08.10.2019
3
44880

«Noma'lum snayperlarning ishi» - Iroqdagi korrupsiyaga qarshi namoyishda 100 kishi otib tashlandi

Iroq yana mojarolar markaziga aylandi. Bu gal mamlakat o‘zi uchun yangicha inqiroz girdobida qoldi. Iroqdagi urush vaqtida tug‘ilgan va dunyoga kelganidan buyon urushdan boshqa narsa ko‘rmagan yoshlar mamlakatdagi korrupsion tizimdan toqatlari toq bo‘lib namoyishga chiqishdi. Bir haftadan ko‘proq davom etgan namoyishlar kamida 100 kishi otib tashlanishi bilan yakunlandi...

Avvaliga internet va ijtimoiy tarmoqlarni bloklagan Iroq hukumati vaziyat jiddiylashib ketganidan so‘ng yoshlarga islohotlar taklif qildi. 100 kishining o‘ldirilishini esa hukumat «noma'lum snayperlarning ishi» deb atamoqda.

Norozilik aksiyalari 1 oktabr kuni poytaxt Bag‘dodda boshlandi, keyin esa boshqa shaharlarda ham minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi.

Namoyishlarning ilk kunlaridan boshlab politsiya va armiyaning maxsus askarlari odamlarga faol qarshilik ko‘rsatadi. Yosh namoyishchilar esa bunga javoban ballonlar yoqishdi, ular hatto 50dan ortiq binolarga ham o‘t qo‘yishdi. Binolar orasida hukumatga aloqadorlari ham bor edi.

3 oktabr kuni Iroq hukumati mamlakatda komendantlik soati e'lon qildi. Keyin esa Iroqning ba'zi hududlarida internet o‘chirildi. Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdi bu choralarni «yutish kerak bo‘lgan achchiq dori» deb atadi. Hukumat rahbarining tusmol qilishicha, namoyishlarga chora ko‘rilmasa, bu davlat to‘ntarishiga olib keladi.

Odil Abdul-Mahdi kamdan-kam hollarda televideniye orqali chiqish qiladi

Keyingi kun esa... Keyingi kun Al Jazeera nashri ma'lum qilishicha, haqiqiy qirg‘in boshlanadi. Iroq xavfsizlik kuchlari askarlari havoga emas, odamlarga qarata o‘q uzdi. Qurbon bo‘lganlar soni soat sayin oshib bordi. Iroq bosh vaziri Abdul-Mahdi bu otishmadan so‘ng hukumat kuchlariga o‘zini himoya qilishdan boshqa topshiriq bermaganini aytib, namoyishchilar bilan uchrashishga tayyor ekanini aytdi. Ammo bu chiqish ham foyda bermadi. Ertasi kuni yanada ko‘proq odamlar ko‘chaga chiqdi va yana o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Iroq politsiyasining axborotiga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 110 nafar odam halok bo‘lib, 6 mingdan ko‘proq odam yaralangan.

Terrorizm yengildi, endi navbat korrupsiyaga

IShID chekinganidan buyon Iroqqa terrorizmning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfi kamaydi, odamlarning endigi maqsadi korrupsiyani yengish. Xalq korrupsiyaning zarari terrorizmdan kam emasligini aytmoqda. Singapur universitetining Yaqin Sharq instituti eksperti Fanar Haddodning aytishicha, iroqliklar o‘zlarini uzoq vaqt terrorizm va mamlakatning mavjud bo‘lishiga tahdid o‘rtasidagi qopqonda deb his qilishardi, hozir esa ular o‘zlarini siyosiy va oligarxlarga xizmat qilayotgan iqtisodiy inqiroz orasiga tushib qolgandek sezishmoqda.

Iroqdagi voqealarni butun dunyodagi nashrlar yoritmoqda. The Washington Post namoyishchi bolalardan biri bilan gaplashdi: «Biz Amerika bilan urush vaqtida tug‘iliboq o‘z kelajagimizni yo‘qotdik. Biz siyosiy tanishlari bor odamlar nazorat qiladigan mehnat bozorida ham keraksiz bo‘lib qoldik. Agar hukumat bu vaziyatni yaxshilamasa, u faqat yomonlashadi».

Iroq ichki ishlar vazirligi matbuot kotibining iddao qilishicha, namoyishchilar va harbiylar tomonidan o‘t ochishlarga «qora kuchlar» aralashgan. Uning fikricha, odamlarni noma'lum snayperlar otgan. Shuningdek, «qora kuchlar»ning odamlari namoyishchilar orasida ham bo‘lgan. Iroq xavfsizlik kuchlari bu borada surishtiruv o‘tkazib, chindan ommaviy qirg‘inda «noma'lum snayperlar»ning qo‘li borligini tasdiqladi. Ma'lum bo‘lishicha, ko‘pchilik boshidan va yuragidan o‘q yeb halok bo‘lgan (snayperlar tananing shu yerlariga otishadi).

Iroq qurolli kuchlari esa bo‘lib o‘tgan voqealarda javobgarlikning bir qismini o‘z zimmasiga oldi.

«Biz chegaradan chiqqan komandirlarni jazolashni boshladik», deyiladi harbiylar bayonotida.

Shialarning muqaddas kuni Arbain yaqinlashmoqda. Bu namoyishlarning yangi to‘lqinini boshlashi mumkin

Iroq hukumatida eng ko‘p o‘ringa ega diniy rahnamo Muqtada as-Sarning partiyasi hukumat iste'fosi va muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu esa Iroq hukumatini xavotirga solib qo‘ydi va bosh vazir isyonchilarni soatlab eshitishga va ularning talablarini bajarishga rozi ekanini bot-bot takrorlamoqda.

Hukumat diniy rahnamoning chiqishidan hayiqqaniga yana bir sabab shuki, yaqinda Iroqning Karbalo shahrida shialar uchun muqaddas kun hisoblangan Arbain boshlanadi. Safar oyining 20-kunida nishonlanadigan bu kun joriy milodiy yilda 19 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Aynan safar oyining 20-kunida qiyomat payg‘ambari Muhammad (s.a.v)ning nabiralari, hazrati Alining (r.a) farzandlari imom Husaynning vafoti haqidagi xabar Madinaga yetib borgan. Shu bois Karbalodagi imom Husayn masjidi Arbain kuni millionlab odamlar bilan gavjum bo‘ladi (har yil o‘rtacha 15-18 million ziyoratchi shu kuni Karbaloga boradi). Ekspertlarning aytishicha, Arbain kunida yig‘ilgan odamlar aql bovar qilmas norozilik aksiyasini o‘tkazishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Iroq hukumati vaziyatni qo‘ldan chiqarishi hech gap emas.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top