17:15 / 08.10.2019
0
20290

Turkiya vitse-prezidenti Trampning Turkiya iqtisodiyotini vayron qilish to‘g‘risidagi tahdidiga javob qaytardi

Foto: Anadolu agency

Turkiya tahdidlar ta'siri ostida o‘z siyosatini o‘zgartirmaydi, dedi mamlakat vitse-prezidenti Fuat O‘qtoy AQSh prezidenti Donald Trampning turk iqtisodiyotini yo‘q qilib tashlash to‘g‘risidagi tahdidiga javoban.  

Avvalroq Tramp o‘zining Twitter sahifasida agar Anqara uning fikriga ko‘ra, “haddidan oshsa”, "Turkiya iqtisodiyotini vayron qilish" bilan tahdid qilgandi.

"Bizning xalqaro hamjamiyatga murojaatimiz aniq: Turkiya tahdidlar ta'siri ostida ish tutadigan davlat emas. Biz o‘z yo‘limizni o‘zimiz belgilaymiz va kerak bo‘lsa kindikni o‘zimiz kesamiz. Biz nima bo‘lishidan qat'i nazar, chegaralarimiz yaqinida terrorchilik yo‘lagi yaratilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Chegaralarimiz tinchligi va suriyalik birodarlarimizning kelajagi, shuningdek Suriyaning hududiy yaxlitligi va siyosiy birligi borasida bizning pozitsiyamiz o‘zgarmas bo‘lib qoladi "dedi O‘qtoy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suriyalik 370 ming qochoq Turkiya "Frot qalqoni" va "Zaytun novdasi" operatsiyalarini o‘tkazgan Suriya shimoli-g‘arbidagi hududlarga qaytdi. 

"Endi Frot sharqida xavfsizlik hududini yaratish navbati keldi. Turkiya mamlakatimizga janubiy chegaralardan tahdid soluvchi terrorchilarni joyiga o‘tqazib qo‘yadi va suriyalik qochoqlarning o‘z vatanlariga qaytishiga yordam beradi", deb qo‘shimcha qildi Turkiya vitse-prezidenti.

Vashington avvalroq AQSh harbiylari Turkiyaning Suriya shimolidagi harbiy operatsiyalarida qatnashmasligini bildirgandi.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top