09:28 / 09.10.2019
0
14395

Bosh prokuratura Samarqanddagi ommaviy zaharlanish yuzasidan axborot berdi

Bosh prokuratura Samarqanddagi ommaviy zaharlanish yuzasidan axborot berdi. 

2019 yil 8 oktabr kuni soat 14:00da Samarqand shahar DSENM tomonidan berilgan xabarga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 6 nafar fuqaro "Ovqatdan zaharlanish toksikoinfeksiyasi yengil-o‘rta darajasi" tashxisi bilan yotqizilgan, deyiladi Mahkama jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning ma'lumotida.

Bildirilishicha, ushbu fuqarolar 2019 yil 6 oktabr kuni shahardagi "Siyob dehqon bozori" hududida joylashgan ovqatlanish do‘konchasidan "Xot-dog" mahsulotlarini xarid qilib, ist'yemol qilganliklari natijasida sog‘lig‘i yomonlashib shifoxonaga murojaat qilishgan. 

Hozirda bemorlar ahvoli qoniqarli bo‘lib davolash muolajalari davom etmoqda. Mazkur zaharlanish holati yuzasidan "Xot-dog" tayyorlash do‘konchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. 

Holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top