22:46 / 09.10.2019
18
45954

«Tergovchilar o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan qaragan» - Uch o‘smirni avtomobilda urib yuborgan ayol ishi bo‘yicha brifing o‘tkazildi

Joriy yilning 4 iyun kuni Yunusobod tumanining 11-mavzesida «Neksiya-3» avtomobili haydovchisi mavze ichidagi yo‘l chetida turgan 12 yoshli A.G., S.I. va S.Ya.ga kelib urilgan, ulardan biri A.G voqea joyida vafot etgandi. S.I. olgan tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan, S.Ya., ambulator sharoitida ko‘rikdan o‘tkazilib, so‘ng uyiga javob berilgani haqida ma'lumot berilgandi.

O‘smirni bosib ketgan 42 yoshli Larisa T.ga Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha ayblov e'lon qilinib, ayblanuvchiga uy qamog‘i tayinlangan.

Bu yo‘l-transport hodisasining o‘ziga xos jihati ijtimoiy tarmoqlarda kuchli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani bilan ajralib turgandi. Jumladan, marhumning yaqinlari gumondor voqea joyida jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatmagani, sud chekloviga ko‘ra uy qamog‘ida bo‘laturib ham ko‘chada bemalol yurgani, telefondan va internetdan foydalangani, jabrlanuvchilar va guvohlarga bosim o‘tkazganidan norozi bo‘lishgan. Eng nozik jihati ko‘plab izoh qoldiruvchilar ichki ishlar xodimlari tergovchilari ishni shaffof o‘tkazmayotgani, marhumning yaqinlarining ko‘rsatmalariga e'tiborsizlik bilan qarashayotgani va guvohlarning ko‘rsatmalariga hamda yaqqol dalillarga ko‘z yumishayotganidan e'tiroz bildirishgan. Ishga korrupsiya aralashgani va tizim bunga yo‘l qo‘yayotgani haqida ham izohlar talaygina edi.

Mazkur ish yuzasidan 8 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifing marhumning xotirasiga sukut saqlash bilan boshlandi. Shundan so‘ng tadbirda bevosita ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev savollar tug‘ilishiga sabab bo‘lgan har bir detal bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi.

Tergovchilar o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan qaragan

Ishni vazirlik nomidan o‘z nazoratiga olgan Doniyor Toshxo‘jayev mazkur ish bilan dastlab shug‘ullangan tergovchilar xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaragani, barchani qiziqtirgan savollar yuzasidan kerakli darajada ma'lumotlar berib borilmagani, ayni paytda bu xodimlar ishdan chetlashtirilib, o‘z ixtiyorlari bilan pensiyaga chiqqani, ayrimlariga unvonlarini pasaytirish, jiddiy hayfsan e'lon qilish, ogohlantirish kabi jazo choralari qo‘llangani haqida ma'lumot berdi.

Mashina bir marta urilganmi yoki ikki marta?

Marhum yaqinlarining eng katta shubhasi gumondorning bu YTHni qasddan qilganida bo‘lgan. Ayniqsa guvohlardan birining (ism-sharifi tahririyatga ma'lum) avtomobil o‘smirlarni urib yuborganidan keyin orqaga yurib, yana qaytadan oldinga harakatlangani va qayta urgani haqidagi ko‘rsatmasidan keyin bu shubha yanada kuchaygan.

Brifing jarayonida YTH sodir etilgan avtomobil videoregistratoridagi yozuvlar ham oshkor qilindi (ammo marhum yaqinlarining iltimosiga ko‘ra bu lavha ommaga oshkor qilinmasligiga kelishildi). Videoda ko‘rinishi va tergov xulosasiga ko‘ra avtomobil ikkinchi marta urilmagani, ma'lum muddat o‘smirlarni daraxtga qisib ortga tisarilmay turgani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, aynan mashina urilgan soniyalarda videoda bir lahzalik uzilish bo‘lgani lavha montaj qilinganiga oid gumon paydo bo‘lishiga olib kelgan. Ammo ekspertiza xulosasiga ko‘ra videoda uzilish bo‘lmagan, ayni shu turdagi kameralar har uch daqiqada olingan tasvirni xotiraga joylashi va suratga olishda davom etishi ma'lum bo‘ldi. Soniyalarning muvofiqligi va birinchi video oxiri hamda ikkinchi videolavha boshidagi suratlar aynan o‘xshashligi bu taxminni yo‘qqa chiqaradi.

Yordam berilsa marhum tirik qolarmidi?

Tez tibbiy yordam kech yetib kelgani, atrofdagilarning jabrlanuvchiga lozim darajada yordam ko‘rsata olmaganlari, agar unga teginilmaganida tirik qolishi mumkin bo‘lgani haqidagi taxmin ham muhokama qilindi. Videoda ko‘rinishicha va guvohlar ko‘rsatmasiga ko‘ra, marhumga qo‘shni erkak birinchi yordamni ko‘rsatgan. Ta'kidlash joizki, yordam ko‘rsatgan inson harbiy bo‘lib (ism-sharifi ma'lum), birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha qisman tushunchaga ega bo‘lgan. Aynan u bolani yotqizgan va nafas yo‘llari to‘silmasligi uchun yonboshlatib qo‘ygan. Bu harakat qanchalik to‘g‘riligi bo‘yicha Tibbiyot akademiyasi reanimatologidan so‘ralganida jiddiy jarohat natijasida parenximatoz organlardan kuchli qon ketish paytida agar bemor hushida bo‘lsa yarim yotqizilgan, behush bo‘lsa yotqizilgan holatda bo‘lishi kerakligi, birinchi yordam sifatida nafas trubkasi ulanishi kerakligi aytildi.

O‘smirni kim tez yordamga yetkazgan?

Yaqinlari «Spark» avtomobili yordamida o‘smirni shifoxonaga yetkazishga harakat qilishgan. Ayni shu paytda «MDS-Servis» klinikasining boshqa bir chaqiriqdan qaytayotgan tez tibbiy yordam brigadasiga duch kelishgan. Undagi shifokorlar «Spark»da yordam ko‘rsatishning iloji yo‘qligi tufayli o‘smirni tez tibbiy yordam mashinasiga olishgan. Ammo shifokor yordam ko‘rsatishga kech bo‘lganini ma'lum qilib, o‘lim holatini qayd etgan.

Gumondor uy qamog‘i rejimini buzganmi?

Bu savol eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘lganini qayd etish lozim. Sababi, uning erkinlikda yurishi ko‘pchilikka, ayniqsa marhumning yaqinlariga jiddiy ta'sir qilgan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ham tergovchilar va sudning bunga yo‘l qo‘yganini turlicha talqin qilishgan. Ammo brifingga tashrif buyurgan yetakchi huquqshunoslar bu chora qonun doirasida bo‘lganini ta'kidlashdi.

Gumondorning telefon raqami hisoboti ko‘rilganda u asosan yaqinlariga va uchastka noziriga qo‘ng‘iroq qilgani ma'lum bo‘ldi. Ammo qo‘ng‘iroqlar orasida jabrlanuvchilar va guvohlarga ham qo‘ng‘iroqlar qilingani, shuningdek ikkinchi raqamdan foydalanilgani haqidagi shubhalar tufayli bu masalada alohida surishtiruv o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, gumondorning uy qamog‘i vaqtida tirnoqlariga ishlov berish niyatida go‘zallik saloniga qo‘ng‘iroq qilganini, ya'ni og‘ir paytda shunga munosib ko‘rganini insoniylik jihatdan oqlab bo‘lmasligi qayd qilindi. 

Tergov yakuni va sud

Mazkur brifingda ishga doir har bir detal atroflicha namoyish etildi va muhokama qilindi. Unda gumondorning advokati ham ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi. Tergov jarayoni asosan yakuniga yetgani, brifing jarayonida tug‘ilgan savollar bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruvlar o‘tkazilishi va ishga ilova qilinishi aytildi. Jarayon yakuniga ko‘ra ish sudga oshiriladi.

Ochiqlik va shaffoflikka berilgan baho

Alohida ta'kidlash joiz, Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev marhumning yaqinlarining va OAV vakillarining ishga oid har bir savollariga atroflicha javob berdi, lozim bo‘lgan joyda mutaxassislarni jalb qildi. Butun tergov jarayonida davomida marhumning onasi, buvisi va tog‘asi bilan muntazam va bevosita aloqada bo‘lib turganini ta'kidladi. Shu bilan birga, dastlabki tergov jarayonlarini olib borgan tergovchilarning sovuqqonliklari va yo‘l qo‘ygan kamchiliklari yuzasidan alohida uzr so‘radi.

Ammo ayni paytda mazkur hodisa jinoyatligini ta'kidlagan holda, ehtiroslarga berilmaslik kerakligi, hammasiga qonun doirasida hal qilinishi, sudda ham barcha dalillar taqdim etilishini bildirdi.

Abror Zohidov,
tasvirchi Mirvohid Mirrahimov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top